Taxminan 20 nafar O‘zbekiston fuqarosi Tbilisi xalqaro aeroportida noxush holatga duch keldi. Passport nazoratida ularga mamlakatga kirish rad etildi.
Bu haqda Podrobno.uz muharririyatiga sayyohlardan birining video murojaatidan ma’lum bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularda barcha kerakli hujjatlar: qaytish chiptalari, mehmonxona bronlari, tibbiy sug‘urtalar va mamlakatda bo‘lish uchun moliyaviy mablag‘lar bo‘lgan. Rad etish sabablari tushuntirilmagan.
Chegara xizmati xodimlari sayyohlarga kirishni rad etish haqida yozma xabarnomalar berdi. Sabab sifatida “shaxs o‘z shaxsi va sayohat maqsadi haqida ma’lumot bermaydi yoki yolg‘on ma’lumot beradi” deb ko‘rsatilgan. Barcha hujjatlar muharririyat ixtiyorida.
Uzatilgan kadrlarda odamlar aeroport hududidagi avtobusda. Yo‘lovchilar orasida ayollar va bolalar borligi aytilgan. Murojaatchilardan biri odamlarni ikki soat davomida avtobusda ushlab, pasportlarini qaytarmaganliklarini da’vo qilmoqda.
Xuddi shunday holatga faqat O‘zbekiston fuqarolari emas, balki Qirg‘iziston fuqarolari ham duch kelgan. Videolardan birida qirg‘izistonlik ayol Gruziyaga uchinchi marta kira olmaganini va sababsiz qaytarilganini aytgan. U Gruziya konsullik xizmati orqali ham aniq javob ololmagan.
Podrobno.uz muharririyati O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qildi. Vazirlikda hozircha jabrlangan fuqarolar haqida xabar kelmaganini, ammo olingan ma’lumotni o‘rganib, voqea sabablarini aniqlashlarini bildirishdi. Shuningdek, Gruziyada O‘zbekiston konsullik muassasasi yo‘qligi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida tomonlar, jumladan, respublikaning Tbilisidagi elchixonasini ochishga kelishib oldi.
Source: podrobno.uz