Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 iyul kuni Sergeli tumanidagi Ittifoq mahallasida joylashgan Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar va savdo-xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati bilan tanishdi.

Yangi Sergeli ko‘chasida barpo etilgan va 24/7 rejimida ishlaydigan turizm, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini ochishga xizmat qilmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 18,7 milliard so‘mni tashkil etdi. Ko‘chaning 2,1 kilometrlik uchastkasida infratuzilma to‘liq modernizatsiya qilinib, savdo, umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar ob’ektlarni birlashtirgan kechayu-kunduz ishlaydigan hududga aylantirildi.

Aholining dam olishi va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish uchun 10 dan ortiq bolalar o‘yin maydonchalari, 8 ta vorkaut zonasi tashkil etilib, kitob do‘koni va keksalar dam olish markazi ochildi.

Ushbu hududga tutash to‘rtta mahallada 21 mingdan ortiq kishi yashaydi. Yangi Sergeli ko‘chasidan har kuni o‘rtacha 15-20 ming avtotransport vositasi o‘tadi. Loyiha to‘liq ishga tushgandan so‘ng yiliga 1,2 milliondan ortiq tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

Loyiha doirasida 250 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. 95 tadbirkorlik sub’ekti o‘z faoliyatini kengaytirgan bo‘lsa, yana 22 nafari yangi biznes ochdi.

Davlat rahbari mahalla hududi bo‘ylab yurib, milliy me’morchilik uslubida ta’mirlangan uylar, obodonlashtirilgan ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Shuningdek, mahalla faollari va aholisi bilan samimiy suhbat o‘tkazdi.

Prezident amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar aholining turmush darajasi va farovonligiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani bilan qiziqdi. Mahalla faollari bu o‘zgarishlar aholining kayfiyati, turmush tarzi va daromadlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini, hudud qiyofasi va odamlarning ertangi kunga ishonchi o‘zgarayotganini ta’kidladi.

Source: kun.uz