Toshkent shahrining Sergeli tumanida yer uchastkalarini auksionga tayyor paket — qurilish uchun ruxsatnoma, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyiha bilan birga chiqarish bo‘yicha yangi tajriba boshlandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Dastlabki shunday auksion “Yangi Bunyodobod” mahallasida o‘tkazildi. Uy-joy qurilishi uchun mo‘ljallangan 70 sotixlik yer maydoni yangicha yondashuv asosida savdoga chiqarildi. Boshlang‘ich narxi 14 mlrd so‘m bo‘lgan yer 40 mlrd so‘mga sotildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, yangi tartibning asosiy afzalligi shundaki, yerni sotib olgan tadbirkor qurilishni shu kunning o‘zidayoq boshlay oladi. Ilgari hujjatlarni kelishish uchun bir yilgacha vaqt ketar edi.
Davlat rahbari bu tajribani nafaqat yer uchastkalariga, balki savdoga chiqarilayotgan davlat obyektlari va sanoat zonalariga ham joriy etish zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda, shuningdek, olti yil avval Toshkent viloyatidan Sergeli tumaniga qo‘shib berilgan 13 ta mahallani rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Bu hududlarda 14,5 mingta xonadon mavjud bo‘lib, ularda 50 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Shu bilan birga, mazkur hududlar aholisi hali ham “shahar muhitini to‘liq his qilmayotgani” qayd etildi.
Ushbu mahallalarda ko‘chalarni yoritish uchun 629 ta temirbeton ustun o‘rnatilib, kabel tortilgan. Biroq tizimning haligacha ishga tushirilmagani tanqid qilindi. Mutasaddilarga bu masalani 10 kun ichida hal etish topshirildi.
Bundan tashqari, yil oxirigacha ushbu mahallalarni kanalizatsiya tarmog‘iga to‘liq ulash vazifasi qo‘yildi.
Sergeli tumanida aholi va tadbirkorlar soni ortgani sababli so‘nggi besh yilda elektr energiyasiga bo‘lgan yillik ehtiyoj 40 foizga oshgan. Ayrim mahallalarda tarmoqdagi kuchlanish me’yordan 1,5−2 baravar past ekani qayd etildi.
“Shaharoldi”, “O‘zgarish” va “Qumariq” podstansiyalarini ishga tushirish uchun 107 mlrd so‘m ajratildi. Mutasaddilarga ushbu obyektlarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish va aholini kafolatli elektr energiyasi bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Umuman, yig‘ilishda poytaxtning Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli, Yashnobod va Yangihayot tumanlariga o‘tkazilgan 46 ta mahallada elektr energiyasi, suv, kanalizatsiya va yo‘llar bilan bog‘liq bironta ham hal etilmagan masala qolmasligi kerakligi ta’kidlandi.
Joriy yilning fevral oyida prezident huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bugungi kunda qurilish uchun ruxsatnoma olish 9 bosqichni o‘z ichiga olishi va 90−120 kun vaqt talab etishi aytilgan edi. Xalqaro amaliyotda ready-to-build land (qurilishga tayyor yer) mexanizmi tufayli bu muddat 7−15 kungacha qisqaradi.
Davlat rahbariga O‘zbekistonda ham shunday tizimni joriy etish taklif qilindi: barcha tayyorgarlik jarayonlari yer uchastkalari auksionga qo‘yilishidan avval yakunlanadi, g‘olib esa avtomatik ravishda to‘liq hujjatlar to‘plamini oladi. Qurilishga tayyor bo‘lmagan yerlarni auksionga qo‘yishni taqiqlash rejalashtirilmoqda.
Natijada, prezident farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab “yer banki”ga kiritilgan yer uchastkalari (3-toifaga mansub xususiy yerlardan tashqari) birinchi darajali shaharsozlik hujjatlari kelishilgan holda qurilish uchun tayyorlangan maydonchalar sifatida onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.
Source: www.gazeta.uz