O‘zbekistonda chaqaloqlar o‘limi holatlarining qariyb yarmi tug‘ilgandan keyingi dastlabki 30 kun ichida sodir bo‘ladi. Hukumat 2030-yilga qadar bolalar o‘limini qariyb ikki baravarga qisqartirishni rejalashtirmoqda va buning uchun pediatriya yordami tizimini isloh qilish, erta tashxis dasturlarini kengaytirish hamda kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish choralarini ko‘rmoqda.
Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Abdumannop Abduqayumov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda bolalar o‘limi ko‘rsatkichi har 1000 nafar bolaga 14,3 holatni tashkil etadi. Pediatriyani rivojlantirishning 2025−2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasida ushbu ko‘rsatkichni har 1000 nafar bolaga 8 holatgacha tushirish ko‘zda tutilgan.
“Maqsadimiz — besh yil ichida ushbu ko‘rsatkichni qariyb ikki baravarga kamaytirish. Taqqoslash uchun, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida bu ko‘rsatkich har 1000 nafar bolaga 5 holatdan kam”, — dedi Abduqayumov.
Mutaxassislar bola hayotining dastlabki haftalariga alohida e’tibor qaratmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligining tezkor ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda chaqaloqlar o‘limi qariyb 7500 holatni tashkil etgan bo‘lsa, bir yil avval bu ko‘rsatkich 8300 ta bo‘lgan. “Eng muhimi, chaqaloqlar o‘limining 47 foizi hayotning dastlabki 30 kuniga to‘g‘ri keladi. Bu aralashuvning eng muhim davri qayerda ekanini aniq ko‘rsatadi — neonatal davr va tug‘ruqxonadan chiqarilgandan keyingi dastlabki haftalar”, — dedi u.
Mutaxassislar so‘zlariga ko‘ra, asosiy xavf guruhiga muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlar, tug‘ma rivojlanish nuqsonlari va irsiy kasalliklari bo‘lgan bolalar kiradi. Hayotning dastlabki oylarida kuzatiladigan og‘ir asoratlar va o‘lim holatlarining katta qismi aynan ular hissasiga to‘g‘ri keladi. Pediatriya markazi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili 48 mingdan ortiq bola tug‘ma va genetik patologiyalar bilan tug‘iladi. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining 40 foizigacha aynan tug‘ma va irsiy kasalliklar bilan bog‘liq.
Abdumannop Abduqayumovning ta’kidlashicha, ko‘plab mamlakatlarda yuqori xavf guruhiga kiruvchi bolalar uchun immunoprofilaktika dasturlari amal qiladi. Ular hayotning birinchi yilida og‘ir infeksion asoratlar xavfini kamaytirishga yordam beradigan maxsus preparatlarni qo‘llashni nazarda tutadi. Hozirda bunday yondashuvlarni O‘zbekistonda ham joriy etish imkoniyati o‘rganilmoqda.
Mutaxassis fikricha, kam uchraydigan va irsiy kasalliklarga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatish tizimi nafaqat tashxis qo‘yish va davolashni, balki profilaktikani ham qamrab olishi kerak. “Bugungi kunda vazifa nafaqat kasalliklarni davolash, balki ularning oldini olishdan ham iborat. Profilaktika asoratlarni davolashga qaraganda kamida to‘rt baravar arzon, ayrim holatlarda esa bu farq 8−10 baravargacha yetishi mumkin”, — dedi u.
Mutaxassis xavf omillaridan biri sifatida yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarni ham qayd etdi. “Orfan kasalliklarni tashxislash juda muhim. Biroq xavfni oldindan aniqlash mumkin bo‘lgan hollarda og‘ir irsiy kasallikka chalingan bolaning tug‘ilishining oldini olish yanada muhimroq. Bu sog‘liqni saqlash tizimi uchun ham, oila uchun ham yukni kamaytiradi va kelajak avlodlar salomatligiga hissa qo‘shadi”, — dedi Pediatriya markazi direktori.
Uning so‘zlariga ko‘ra, istiqbolli yo‘nalishlardan biri nikoh qurishni rejalashtirayotganlar uchun genetik skriningni rivojlantirish bo‘lishi mumkin. Gap tashqi belgilari namoyon bo‘lmaydigan, ammo har ikki ota-ona tashuvchi bo‘lgan taqdirda bolada irsiy kasalliklarga olib kelishi mumkin bo‘lgan retsessiv genlarni aniqlash haqida bormoqda.
Abduqayumovning ta’kidlashicha, bolaning salomatligi nafaqat tibbiy yordam sifatiga, balki ota-onaning turmush tarzi, ekologik sharoit va bola tug‘ilishidan oldingi boshqa ijtimoiy omillarga ham bog‘liq.
Islohotning asosiy yo‘nalishlaridan biri pediatriya yordamining to‘rt bosqichli tizimini joriy etishdan iborat bo‘ladi. Birinchi bosqichda bolalarni patronaj brigadalari kuzatib boradi, ikkinchi bosqichda — oilaviy poliklinikalar, uchinchi bosqichda — tuman tibbiyot birlashmalari xizmat ko‘rsatadi, murakkab holatlar esa viloyat va respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga yo‘naltiriladi.
Hozirning o‘zidayoq oltita keng tarqalgan kasallik bo‘yicha maxsus kuzatuv yo‘nalishlari ishlab chiqilgan. Ular qatoriga shifoxonadan tashqari pnevmoniya, neonatal sariq kasali, bronxial astma, surunkali virusli gepatitlar, qulog‘i og‘irlik hamda allergik gastroenterit kiradi.
Abdumannop Abduqayumovning so‘zlariga ko‘ra, tizim hudud yoki muayyan shifokordan qat’i nazar, yagona algoritmlar asosida ishlashi lozim. Har bir bosqich uchun aniq muddatlar belgilangan: bemorni ro‘yxatga olish besh daqiqagacha, shifokorning dastlabki ko‘rigi 15 daqiqagacha davom etadi, keyingi bosqichga yo‘llanma esa 72 soat ichida rasmiylashtirilishi kerak. “Bemorning harakat yo‘li endi muayyan shifokorning qaroridan emas, balki aniq muddatlarga ega bo‘lgan standartdan kelib chiqadi”, — dedi u.
Kuzatuvning barcha bosqichlarini DMed yagona raqamli tibbiy xizmatlar tizimiga integratsiya qilish rejalashtirilmoqda. Bu tizim bemorning birinchi murojaatidan tortib ixtisoslashtirilgan davolanishgacha bo‘lgan barcha jarayonni kuzatish, shuningdek, rejali ko‘rik va tekshiruvlar haqida shifokorlar hamda bemorlarga avtomatik eslatmalar yuborish imkonini beradi. “Bemordan tortib shifoxonagacha bo‘lgan butun sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishimiz kerak. Agar bola rejali ko‘rikni o‘tkazib yuborsa, tizim buni ko‘rsatishi va uni qayta chaqirish imkonini berishi lozim”, — dedi mutaxassis.
Shu bilan birga, mamlakatda kam uchraydigan kasalliklarga chalingan bemorlarning milliy reyestri yaratilmoqda. Pediatriya markazi direktori so‘zlariga ko‘ra, uni joriy yil oxirigacha ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu bunday bemorlar soni haqida aniqroq ma’lumot olish va ularni tibbiy yordamning barcha bosqichlarida kuzatish imkonini beradi.
Yaqin yillardagi vazifalar qatorida profilaktik ko‘riklar bilan bolalarning kamida 95 foizini qamrab olish, yuqori texnologiyali tibbiy yordam ulushini 45 foizdan 75 foizgacha oshirish hamda hududlardagi sog‘liqni saqlash infratuzilmasini modernizatsiya qilish belgilangan. Markaz direktori ma’lum qilishicha, 2027−2028-yillarda 109 yo‘nalish bo‘yicha 30 mingdan ortiq tibbiy uskuna yetkazib berish rejalashtirilgan.
Abduqayumovning aytishicha, shu bilan birga Germaniya hukumati ko‘magida Pediatriya markazida zamonaviy genetik laboratoriya ishga tushirilmoqda. Joriy yil oxirigacha to‘liq genom tahlilini o‘tkazish imkonini beruvchi uskunalarni o‘rnatish kutilmoqda. Bundan tashqari, DMed tizimiga sun’iy intellekt modulini joriy etish rejalashtirilgan. Bu tashxis qo‘yish muddatini uch-besh kungacha qisqartirishi kutilmoqda.
Islohotni malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida mamlakatda pediatriya yo‘nalishidagi mutaxassislarni tayyorlash uchun akademik hab tashkil etilmoqda. Uning doirasida 35 mingdan ortiq tibbiyot xodimi, jumladan 3500 nafardan ziyod shifokorni o‘qitish rejalashtirilgan. Ushbu dasturlarni amalga oshirishda xalqaro tashkilotlar, jumladan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), YUNISEF va BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) ishtirok etmoqda.
Source: www.gazeta.uz