Markaziy bank O‘zbekiston hududlarining zilzila, suv tanqisligi, toshqin, ko‘chki va ekstremal issiqlik xavfiga moyilligi aks etgan xaritani e’lon qildi. Ma’lumotlar Markaziy bankning 2025-yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhida keltirilgan.
Sharhda regulyator iqlim o‘zgarishlarini iqtisodiyot va moliya tizimi uchun moddiy hamda o‘tish xavflari manbai sifatida baholagan. Moddiy xatarlar ekstremal ob-havo hodisalari, suv tanqisligi va tabiiy ofatlar tufayli yuzaga keladigan iqtisodiy yo‘qotishlarni o‘z ichiga oladi. O‘tish davri xatarlari esa kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish jarayonida qonunchilik, texnologiyalar va davlat siyosatidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq.
Xarita olti turdagi xavfni qamrab olgan: zilzila, suv tanqisligi, daryo toshqini va shaharlardagi suv toshqini, yer ko‘chishi hamda ekstremal issiqlik. Hududlar xatar darajasiga ko‘ra past, o‘rta va yuqori toifalarga ajratilgan. Markaziy bank har bir hudud bo‘yicha uning tarkibidagi tumanlar orasida aniqlangan eng yuqori xavf darajasini asos qilib olgan. Ma’lumotlar manbasi sifatida tabiiy xatarlarni baholashga mo‘ljallangan ThinkHazard xizmati keltirilgan.
Eng yuqori seysmik xavf Andijon, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlari, shuningdek Toshkent shahrida qayd etilgan. Qolgan hududlarda zilzila xavfi o‘rta darajada baholangan. G‘arbiy hududlarda esa asosiy tahdid suv tanqisligi hisoblanadi. Qoraqalpog‘istonda hamda Xorazm, Navoiy va Buxoro viloyatlarida yog‘ingarchilikning kamligi, quruq iqlim va yerlarning sho‘rlanishi tufayli bu xavf yanada yuqori.
Sharhga ko‘ra, mamlakat g‘arbida janubi-sharqiy hududlarga nisbatan qariyb 10 barobar kam yog‘ingarchilik kuzatiladi. Xorazm viloyatida yerlarning 41 foizi, Qoraqalpog‘istonda esa 40 foizi o‘rtacha yoki kuchli darajada sho‘rlangan. Yog‘ingarchilik kamligi sababli qishloq xo‘jaligida sug‘orish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mavjud suv resurslarining qariyb 90 foizi ushbu soha hissasiga to‘g‘ri keladi. 2024-yilda qishloq xo‘jaligi mamlakat nominal yalpi ichki mahsulotining 18 foizini va umumiy bandlikning 23 foizini ta’minlagan.
Daryo toshqinlari xavfi mamlakatning deyarli barcha hududlarida, ayniqsa yirik suv obyektlari va daryolarning yuqori oqimlarida saqlanib qolmoqda. Shaharlardagi toshqinlar xavfi Xorazm, Jizzax va Andijon viloyatlarida o‘rtacha, Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida past, qolgan hududlarda esa yuqori deb baholangan. Asfalt yo‘llar, beton yo‘lkalar va suvni o‘tkazmaydigan boshqa qoplamalar maydonining kengayishi suvning yerga singishini cheklaydi.
Markaziy bankning ta’kidlashicha, aholi sonining o‘sishi va sanoatlashuv yer usti hamda yer osti suvlariga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda, iqlim o‘zgarishi ta’sirida esa suv ta’minoti qisqarib bormoqda. 2050-yilga borib Amudaryo oqimi 5 foizga, Sirdaryo oqimi esa 15 foizga kamayishi mumkin. O‘zbekistonda yillik suv tanqisligi 2030-yilga kelib 7 mlrd kub metrga, 2050-yilga borib esa 15 mlrd kub metrga yetishi kutilmoqda. O‘rtacha haroratning oshishi bug‘lanishni kuchaytirib, suvga bo‘lgan talabni yanada ko‘paytirishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi iqlim o‘zgarishlariga eng ko‘p ta’sirchan tarmoq bo‘lib qolmoqda. Mamlakatda iste’mol qilinayotgan chuchuk suvning 92 foizi aynan ushbu soha hissasiga to‘g‘ri keladi. 2025-yil davomida banklar kredit portfelida qishloq xo‘jaligi korxonalariga ajratilgan kreditlar ulushi 9,1 foizdan 10,1 foizgacha oshgan. Markaziy bank ta’kidlashicha, qishloq xo‘jaligining suv resurslariga yuqori darajada bog‘liqligi uni iqlim o‘zgarish xavflariga yanada zaif qiladi.
O‘zbekistonda yer ko‘chishi xavfi asosan tog‘li hududlarda yuqori. Mamlakat hududining qariyb 90 ming kv. km qismi tog‘lardan iborat bo‘lib, ularning 17 foizi yer ko‘chishi xavfiga moyil. Ko‘chki xavfi Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarida yuqori baholangan. Navoiy viloyati o‘rta xavf toifasiga kiritilgan. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida, shuningdek Toshkent shahrida esa ko‘chki xavfi past deb baholangan.
Sharhda ekstremal issiqlik bilan bog‘liq xatarlar ham ortib borayotgani qayd etilgan. Yuqori harorat xavfi butun mamlakat bo‘ylab kuzatilsa-da, deyarli barcha hududlar o‘rta xavf toifasiga kiritilgan. Faqat Surxondaryo viloyati yuqori xavfli hudud sifatida baholangan. 1950−2020-yillarda mamlakatda o‘rtacha harorat Selsiy bo‘yicha 2,9 darajaga oshgan. Prognozlarga ko‘ra, joriy asr oxirigacha u yana 1,21−1,94 darajaga ko‘tarilishi mumkin.
Markaziy bankning qayd etishicha, iqlim xatarlarining amalga oshishi qarz oluvchilarning moliyaviy ahvolini yomonlashtirishi, garov mulki qiymatini pasaytirishi va banklarning kredit yo‘qotishlarini oshirishi mumkin. Shu bois regulyator moliya tizimi barqarorligini baholashda tarmoqlar va hududlarning iqlim o‘zgarishlariga moyilligini hisobga olish zarurligini ta’kidlagan.
Source: www.gazeta.uz