2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilingan qarorlarning qariyb 24,2 mingtasi yoki umumiy sonining 29 foizi jamoatchilik uchun yopiq qoldi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.
Yanvar-iyun oylarida mahalliy davlat hokimiyati organlari E-qaror tizimi orqali 84 990 ta hujjat qabul qildi. Shundan 60 749 tasi (71,5 foiz) ochiqlangan bo‘lsa, 24 241 tasi (28,5 foiz) e’lon qilinmagan. O‘tgan yilning shu davrida 81 117 ta hujjatdan 55 255 tasi ochiqlangan, 25 862 tasi esa yashirilgan edi.
Monitoring Prezidentning PF-270-sonli farmoni ijrosi doirasida o‘tkazilmoqda. Agentlik ta’kidlashicha, umuman olganda hokimliklar faoliyatining ochiqligi yaxshilangan, biroq har o‘nta hujjatdan uchtasi hali ham yopiq.
Eng sezilarli ijobiy o‘zgarish Toshkent shahrida kuzatildi: yopiq qarorlar ulushi 49 foizdan 36 foizga tushdi. Absolyut ko‘rsatkichda yashirilgan hujjatlar soni qariyb ikki baravarga – 1236 taga kamaydi. Biroq, qabul qilingan qarorlarning umumiy soni 28,7 foizga, e’lon qilinganlari esa 10 foizga kamaygan.
Farg‘ona viloyatida yopiq qarorlar ulushi 28 foizdan 22 foizga, Andijonda 21 foizdan 16 foizga, Surxondaryoda 40 foizdan 35 foizga tushdi. Toshkent viloyatida 16 foizdan 13 foizga, Sirdaryoda 41 foizdan 39 foizga, Qashqadaryoda 30 foizdan 28 foizga, Xorazmda 34 foizdan 32 foizga kamaydi.
Samarqand viloyatida pasayish eng kam bo‘lib, ko‘rsatkich 42 foizdan 41 foizga tushdi. Biroq, hudud e’lon qilinmagan qarorlar mutlaq soni bo‘yicha yetakchilik qildi – 2969 ta (bir yil avval 2510 ta edi).
Salbiy dinamika faqat ikki hududda qayd etildi. Navoiy viloyatida yopiq qarorlar ulushi 41 foizdan 45 foizga oshib, mamlakat bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichni tashkil etdi (3877 ta hujjatdan 1761 tasi e’lon qilinmagan). Jizzax viloyatida esa ko‘rsatkich 23 foizdan 24 foizga oshdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, shuningdek, mablag‘ ajratish bilan bog‘liq hujjatlarning yashirilishi tendensiyasini o‘rgandi. Tahlil davrida 692 ta hujjat asosida 1,5 trln so‘m (taxminan 125 mln dollar) mablag‘ ajratilib, jamoatchilikdan yashirilgani aniqlandi.
Mablag‘larning asosiy qismi – 861,3 mlrd so‘m (57 foiz) qurilish ishlariga, 296,5 mlrd so‘m (19 foiz) tovarlar, ishlar va xizmatlar sotib olishga, 159,6 mlrd so‘m fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplashga, 122,8 mlrd so‘m esa boshqa maqsadlarga yo‘naltirilgan.
Agentlik qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish va javobgarlik masalalarini hal etish yuzasidan vakolatli organlarga taqdimnomalar kiritib borayotganini ma’lum qildi.
Source: www.gazeta.uz