Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston bank tizimida kreditlar va depozitlarning dollarlashuv darajasi 2025-yilda ham pasayishda davom etdi. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yil uchun Moliyaviy barqarorlik sharhida aytiladi.

2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, xorijiy valyutadagi kreditlar banklar jami kredit portfelining 39 foizini tashkil etdi. Yil davomida ularning ulushi deyarli 4 foizli punktga kamaydi.

Shu davr mobaynida xorijiy valyutada jalb qilingan depozitlar ulushi esa jami depozit portfelining 25 foizidan 21 foizigacha tushdi.

Markaziy bankning qayd etishicha, kreditlar dollarlashuvining pasayishi valyuta kursi o‘zgarishlari bilan bog‘liq xatarlarni kamaytiradi. Milliy valyuta qadrsizlanganda, valyutada olingan qarzlar bo‘yicha to‘lovlar so‘m hisobida ortib boradi. Bu esa qarz oluvchilarning to‘lov qobiliyatini yomonlashtirishi va muammoli kreditlar ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Valyuta depozitlari va kreditlarining yillik o‘sishi. Jami portfellarda valyuta operatsiyalarining ulushi kamayganiga qaramay, ularning dollar hisobidagi hajmi ortdi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, xorijiy valyutadagi kreditlar qoldig‘i AQSh dollari ekvivalentida 11 foizga, valyutadagi depozitlar esa 21 foizga o‘sdi.

O‘sish sur’atlari ham tezlashdi. 2024-yilga nisbatan valyuta kreditlarining yillik o‘sishi 8 foizli punktga, depozitlarniki esa 19 foizli punktga oshdi.

Shunday qilib, dollarlashuv darajasining pasayishi jadal o‘sib borayotgan kredit va depozit portfellarida xorijiy valyuta ulushining kamayganini anglatadi, ammo valyuta talablari va majburiyatlari hajmining o‘zi kamayganini bildirmaydi.

MBning ta’kidicha, valyuta kreditlarining ko‘payishi valyuta kursi o‘zgarganda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kredit xatari ko‘lamini kengaytiradi.

Valyuta depozitlarining o‘sishi esa, o‘z navbatida, likvidlik xatarlarini kuchaytirishi mumkin. Regulyator buni xorijda erkin investitsiya qilish imkoniyatlari paydo bo‘lganda, omonatchilar o‘z mablag‘larini banklardan chet el aktivlariga o‘tkazishlari ehtimoli bilan bog‘laydi.

Yil yakunlariga ko‘ra, bank tizimining xorijiy valyutadagi talablari va majburiyatlari o‘rtasidagi farq 4 trln so‘mgacha ko‘paydi.

Markaziy bank baholashicha, ushbu farqning kengayishi valyuta xatarlari yuzaga kelgan taqdirda banklarning ehtimoliy yo‘qotishlari ortishi mumkinligidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, banklarning umumiy valyuta pozitsiyasi belgilangan normativlar chegarasida qoldi. 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, sof ochiq valyuta pozitsiyasining regulyativ kapitalga nisbati 2,7 foizni tashkil etdi.

Markaziy bank ushbu daraja bank tizimining valyuta xatarlaridan kelib chiqadigan ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun yetarli imkoniyatga ega ekanini ko‘rsatadi, deb hisoblaydi.

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov avvalroq milliy valyutaga bo‘lgan ishonch ortishining ijobiy oqibatlaridan biri sifatida iqtisodiyotning dedollarlashuvini (valyuta depozitlari va kreditlari ulushining kamayishini) qayd etgan edi. 2018-yildan beri depozitlar dollarlashuvi 41,2 foizdan 20 foizgacha, kreditlar bo‘yicha esa 54,3 foizdan 37,4 foizgacha pasaygan.

Source: www.gazeta.uz