Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikromov Gazeta’ga bergan intervyusida poytaxtda harakatlanayotgan 1700 dan ortiq avtobusning 191 tasida konditsioner umuman mavjud emasligini ma’lum qildi. Ushbu transport vositalari 2012-2013-yillarda ishlab chiqarilgan eski dizel avtobuslari bo‘lib, ularni bosqichma-bosqich yangilash rejalashtirilgan.
Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, prezident topshiriqlariga muvofiq, joriy yilning o‘zida eski dizel avtobuslarning 50 foizidan voz kechish kerak. Keyingi yilning jazirama kunlariga qadar konditsionersiz avtobuslar butunlay yo‘q qilinadi. Brutto talablari asosida barcha avtobuslarda sovutish va isitish tizimlarining bo‘lishi majburiy qilib belgilanmoqda va bu tender shartlariga kiritilmoqda.
Konditsioneri mavjud bo‘lgan ayrim avtobuslarda ham ularning ishlamayotgani haqidagi savolga javoban, Ikromov bu holat o‘rganilganini va bir nechta sabab borligini aytdi. Ba’zi yo‘lovchilar avtobus ichi juda sovib ketayotganini ta’kidlab, konditsionerni o‘chirishni so‘raydi, boshqalar esa oynani berkitib, sovutish tizimini ishlatishni talab qiladi. Shu bois barchaga birdek ma’qul keladigan haroratni ta’minlash oson emas.
Yana bir sabab konditsionerning texnik nosozligi bilan bog‘liq. Toshkent shahar transport boshqarmasi huzurida reyslar sifati va monitoringi bilan shug‘ullanuvchi davlat muassasasi tashkil etilgan bo‘lib, unda 50 nafar inspektor faoliyat yuritadi. Ular joyiga chiqib, konditsioner ishlamayotgan avtobuslarni aniqlaydi, reys sifatini baholaydi. Zarur hollarda avtobus garajga qaytarilib, nosozlik bartaraf etilganidan keyingina yo‘nalishga chiqariladi.
Ikromov yoqilg‘i sarfi masalasiga ham to‘xtalib, har bir avtobus kunlik reysiga mos hajmda yoqilg‘i bilan ta’minlanishini, sarf esa jaziramaga va haydovchi tajribasiga bog‘liqligini aytdi. Hozir 300-400 ta avtobus dizel yoqilg‘isida, qolganlari gazda, 528 tasi esa elektr quvvatida harakatlanadi. Shu yil oxiriga qadar poytaxtga 240 ta yangi avtobus olib kelinishi rejalashtirilgan, ulardan 200 tasi “Toshshahartransxizmat” tomonidan, 40 tasi xususiy tadbirkorlar tomonidan xarid qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilda Toshkent avtobuslarida konditsionerlar 7-maydan yoqila boshlandi. Kompaniya konditsionerlari nosoz bo‘lgan avtobuslar yo‘nalishlarga chiqarilmasligiga ishontirgandi. Yuzaga keladigan nosozliklarni tezkorlik bilan bartaraf etishga va’da berildi. Haydovchilar bilan sovutish tizimlaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha navbatdan tashqari yo‘riqnomalar o‘tkazish rejalashtirilgan. “Toshshahartransxizmat” yo‘lovchilarning har bir murojaati o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi va vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘radi.
Ta’kidlash joizki, 2018-yilgacha poytaxt avtobuslarida konditsionerlar bo‘lmagan. Hozirda barcha yangi mashinalar sovutish tizimlari bilan jihozlangan.
Source: www.gazeta.uz