O‘zbekiston milliy terma jamoasi sportchilari Italiyada bo‘lib o‘tadigan XIV qishki Paralimpiya o‘yinlariga ikkita litsenziyani qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda Milliy paralimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Yulduz Mahmudova va Firdavs Xudoyatov para-tog‘ chang‘isi dasturida ishtirok etadi va gigant slalom yo‘nalishida mamlakat sharafini himoya qiladi.
XIV qishki Paralimpiya o‘yinlari 6-martdan 15-martgacha Milan va Kortina-d'Ampetsso shaharlarida bo‘lib o‘tadi.
23 yoshli Yulduz Mahmudova qoyaga chiqish, gigant slalom va slalom bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni egallab kelgan.
22 yoshli Firdavs Xudoyatov esa mamlakat chempionatlarida slalom va gigant slalom dasturlarida qatnashib, turli yillarda oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan.
Italiyadagi para-tog‘ chang‘isi bo‘yicha musobaqalar nogironlik turiga qarab uchta toifada: tik oyoqda, o‘tirgan holda (monochang‘ida) yoki ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bo‘lganlar (gid-yo‘lboshchi hamrohligida va u bilan radioaloqa orqali bog‘langan holda tushuvchi zaif ko‘ruvchi va ko‘zi ojizlar) o‘rtasida beshta yo‘nalish bo‘yicha bo‘lib o‘tadi.
Bellashuvlar Kortina-d'Ampetssodagi “Tofana” tog‘ chang‘isi markazida o‘tkaziladi. Ushbu trassada avval 1956-yilgi o‘yinlar ham bo‘lib o‘tgan.
Bundan avval Italiyadagi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini ikki sportchi himoya qilgan edi — slalom va gigant slalomda Medet Nazarov hamda short-trek bo‘yicha 500 va 1500 metr masofalarga konkida uchish ustasi Daniil Yeybog. Ularga sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritish nasib etmagan.
Source: www.gazeta.uz