O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-sentabr kuni Toshkent shahri faollari bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda tobora ortib borayotgan global xavf-xatarlar sharoitida mamlakat uchun jipslikni saqlash, tinchlik qadriga yetish va islohotlarni jadallashtirish nihoyatda muhim ekanini bildirdi. Uchrashuvda davlat rahbari dunyoda yuz berayotgan tahlikali voqealar va xavf-xatarlar ko'payib borayotgani haqida gapirib, o'zlikni anglash zarurligini ta'kidladi.
"Dunyoda tebranish bo'lyapti, tahlikali, juda ko'p voqealar bo'lyapti. Xavf-xatar ko'payib ketyapti. Biz shu xavf-xatarning oldini olish uchun o'zligimizni bilishimiz kerak. "Kecha kim edik, bugun kim?" degan ibora paydo bo'lyapti. Mana shuni hech qachon unutmay, qadriga yetishimiz kerak", — dedi Shavkat Mirziyoyev. Uning so'zlariga ko'ra, amalga oshirilgan o'zgarishlarning qadri, eng avvalo, mehnat qilish va odamlarning islohotlar samarasidan rozi bo'lishi orqali namoyon bo'ladi.
"Qadriga qachon yetamiz? Mehnat qilsak, xalqni rozi qilsak. Albatta, bugun mana Olmazor tumanini ko'rib, bo'lgan o'zgarishlarni ko'rib, qilsa bo'lar ekan [deysan kishi], sizlarga ham yoqyaptimi bu?" — dedi davlat rahbari. Prezident, shuningdek, ichki islohotlarni mamlakatning tashqi siyosati bilan bog'ladi. "Mana, o'zlaring ko'ryapsizlarki, tashqi siyosatimizda ham eng katta maqsad-muddao — do'st topib, islohotlarimizga hamkor izlayapmiz. Hamkor deganimiz — inontirish, ishontirish, faqat natijaga ishlashimizga hayotning o'zi majbur qilyapti", — dedi Mirziyoyev.
Davlat rahbari so'nggi uch-to'rt yil ichida turli yo'nalishlar bo'yicha 2500 nafarga yaqin yoshlar chet elga o'qishga yuborilganini ma'lum qildi. Shuningdek, u Malayziyada ta'lim olish uchun katta stipendiya yutib olgan, biroq O'zbekistonda qolishga qaror qilgan bir talaba qiz bilan bo'lgan suhbatini ham so'zlab berdi. "Men top-20 talikka kirib, Malayziyaning eng katta stipendiyasini qo'lga kiritdim. Ammo bu yerda biz uchun berayotgan imkoniyatlaringizni eshitib, O'zbekistonda o'qishga qaror qildim. Ota-onam ham shunga rozi bo'ldi", — dedi qizning so'zlarini keltirgan prezident. Shavkat Mirziyoyev buni mamlakat ichida imkoniyatlarning kengaygani, jumladan, Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar hamda yangi universitetlarning tashkil etilgani bilan bog'ladi.
"Agar biz o'z paytida Prezident maktabi, ixtisoslashgan maktab qilmaganimizda, bu natijalar bo'larmidi?" — deb so'radi u. Prezidentning ta'kidlashicha, islohotlar boshlangan paytda oliy ta'lim bilan qamrov 9 foizni tashkil etgan bo'lsa, hozirda bu ko'rsatkich 44 foizgacha yetgan. Oliy o'quv yurtlari soni esa 207 tagacha ko'paygan. "Mana shu og'ir sharoitda 44 foiz [qamrov], 207 ta oliygoh o'zidan o'zi bo'lgani yo'q. Buning tagida bitta narsa yotibdi — yo'limiz to'g'ri", — dedi Shavkat Mirziyoyev. Prezident ta'limni mamlakatning keyingi taraqqiyoti uchun hal qiluvchi omil deb bilishini ta'kidladi.
"Men bitta gapni aytishdan charchamayman. Taqdirimizni faqat va faqat muallim, ta'lim va bilim hal qiladi. Hamma sohada. Agar ta'limni joyiga qo'ymasak, biron narsaga erisholmaymiz", — dedi u. Uning qayd etishicha, islohotlar sur'ati muttasil oshib borishi kerak. "Bugun maqsadim, bir kun bo'lsa ham g'animat. Bugun kechagidan ko'ra ko'proq ishlashimiz kerak. Kechagi rejamiz bugunga to'g'ri kelmaydi. Bunday islohotlarni amalga oshirish uchun bizga nima kerak? Birdamlik kerak, hamjihatlik kerak, tinchlik kerak. Ana shu tinchlikning qadriga yetishimiz kerak", — dedi Mirziyoyev.
So'zining yakunida Shavkat Mirziyoyev Toshkent butun mamlakat uchun o'rnak bo'lishi kerakligini ta'kidlab, Xitoyni misol qilib keltirdi: "Bilasizlarmi, nimaga Xitoy mo'jizasi paydo bo'ldi? 1,4 milliard aholi. Butun el bilan belni mahkam bog'lab, nuroniysi ham, oqsoqoli ham, yoshlari ham, ayollari ham — hamma bir tomonga qarab mo'jiza qildi". Yig'ilishda davlat rahbari Toshkent shahrining 12 ta tumani hokimlari 1-oktabrga qadar yirik savdo majmualari va mollari uchun yer maydonlari, investorlar va moliyalashtirish manbalarini aniqlashi shartligini bildirdi. Bunga parallel ravishda, "Qichqiriq" tajribasi asosida 400 ta mahallani obodonlashtirish va bunga 10 trillion so'm yo'naltirish ko'zda tutilmoqda. Respublika va shahar darajasidagi mansabdorlar har hafta Toshkent tumanlariga chiqib, investorlar bilan uchrashadi. Yuqori darajada hal etilishi lozim bo'lgan masalalar o'sha kunning o'zida Prezident administratsiyasiga yuborilishi lozim. Ushbu yangi tartib yil oxirigacha alohida nazorat ostida amal qiladi.
Source: www.gazeta.uz