Joriy haftada O‘zbekiston hududlarida uzoq muddat davom etuvchi past bosimli issiq ob-havo sharoiti hukmronlik qiladi. Respublika bo‘ylab tog‘lar va shimoldan tashqari hududlarda tungi salqinlik +13…+18 daraja, kunduzgi issiqlik esa +30…+35 darajani tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Dam olish kunlariga borib, issiqlik yanada kuchayadi.
Xorijiy ob-havo byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, haftaning 14−18-sentabr kunlari O‘zbekistonning juda katta qismida issiq havo oqimi ta’sirida 5 kunlik o‘rtacha harorat ko‘p yillik iqlimiy me’yordan 2−4 daraja yuqori bo‘ladi. O‘zgidrometning prognozlariga ko‘ra, 14−17-sentabr kunlari tog‘li hududlardan tashqari boshqa joylarda yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. 18−20-sentabr kunlari esa issiqlik yanada kuchayib, tog‘larda ham yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shuning uchun joriy haftani quruq hafta deb ta’riflash mumkin.
Haftaning ish kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati hamda tog‘li hududlarda tungi va tonggi muddatlarda +10…+15 daraja, boshqa viloyatlarda +13…+18 daraja iliq harorat bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Kunduzgi muddatlarda tog‘larda +22…+27 daraja, janub viloyatlarida +30…+35 daraja, boshqa viloyatlarda +28…+33 daraja issiq bo‘lishi aniqlanmoqda. Dam olish kunlariga borib respublika bo‘ylab havo harorati tungi va kunduzgi muddatlar uchun haftaning ish kunlariga nisbatan 2−3 daraja yuqori ko‘tariladi.
O‘zgidrometning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, ushbu hafta respublikaning katta qismida o‘rtacha havo harorati shu davrga xos me’yordan 1−3 daraja, ba’zi hududlarda 3−6 daraja yuqori, ya’ni issiq bo‘lishi, yog‘ingarchilik miqdori esa me’yordan ancha kam, ya’ni quruq hafta kabi o‘tishi anglashilmoqda.
Shunday qilib, haftaning ikkinchi yarmidan boshlab haroratning sezilarli ko‘tarilishi, tungi va kunduzgi harorat farqlaridagi tafovutning kattalashishi aholi salomatligiga qo‘shimcha yuklama tushirishi mumkin. Joriy haftada O‘zbekistonda +34…+36 daraja kunduzgi issiqlik va +13…+18 daraja tungi salqinlik organizmga qo‘shimcha fiziologik yuklama berishi mumkin. Sutkalik haroratdagi katta farq, ayniqsa, meteosezgir insonlar, keksa yoshdagilar hamda yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklari bor insonlarda bosh og‘rig‘i, holsizlik, uyqu buzilishi va qon bosimi o‘zgarishini kuchaytirishi mumkin. Tadqiqotlar sutkalik harorat o‘zgaruvchanligi yurak-qon tomir va nafas tizimi kasalliklari xavfi bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Namlik yuqori bo‘lsa, terning bug‘lanishi sekinlashib, organizmning sovish qobiliyati pasayadi va issiqlik og‘irroq seziladi. Shuning uchun bunday kunlarda yetarli suyuqlik ichish, yuqori issiqlik kuzatiladigan kunduzgi muddatlarda jismoniy zo‘riqishni cheklash va xonada havo almashinuvini ta’minlash muhim. Ayrim hududlarda nisbiy namlikning yuqoriligi issiqlikning organizm uchun og‘irroq sezilishiga olib kelishi mumkin.
Bioiqlimiy sharoitlar. Haftaning juma hamda dam olish kunlari kunduzgi ayrim muddatlarda ko‘plab hudud aholisi juda issiq ob-havo sharoitini his etadi. Zamonaviy prognoz ma’lumotlarida (UTCI) ham 18-sentabr kuni soat 14:00 da Toshkent va Surxondaryo viloyatining katta qismi, Sirdaryo viloyati aholisi bioiqlimiy hissiyot nuqtai nazardan juda issiq hissiyot ta’siri ostida qolishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Shunga qaramay, joriy kuzgi issiqlik to‘lqini sababli respublika aholisi sutkaning katta qismida qulay bioiqlimiy sharoitlardan bahramand bo‘ladi. Haftaning ish kunlari tog‘lar va shimol tomonlarda tonggi muddatlarda nisbatan salqin sharoit kuzatiladi. Bu paytda ushbu hudud aholisi issiqroq kiyimlar kiyib olishlari tavsiya etiladi.
Kosmik ta’sirlar. Quyosh faolligi bo‘yicha mavjud prognozlarda bu hafta boshida “qizil” xavf darajasidagi geomagnit bo‘ron ehtimoli yuqori ekanini baholayapti. Xususan, dushanba va seshanba kunlari “qizil” xavf darajasidagi magnit bo‘roni xavfi mavjud. Ish haftasining boshqa kunlari uchun asosan “sariq” darajadagi magnit bo‘roni prognoz qilinmoqda.
O‘zgidromet hafta davomida kuchli shamollar bo‘lishiga e’tibor qaratmagan. Havoning tabiiy kuchli ifloslanishi bilan bog‘liq sinoptik vaziyat ham hozir ancha barqaror holatda. Chang zarrachalarining keskin ortishi uchun hozircha kuchli meteorologik omillar ko‘rinmayapti. Havoda ifloslanish ortsa yoki mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ro‘y berganida qanday harakat qilish bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tayyorlagan tavsiyalari bilan tanishib qo‘yish zarar qilmaydi.
Shunday qilib, 14−20-sentabr kunlari O‘zbekistonda ob-havo bir maromda deyarli barqaror holatda qoladi. Hafta boshlaridagi ehtimol “qizil” xavf darajasidagi magnit bo‘ronlari hamda haftaning dam olish kunlari haroratning sezilarli isishi ob-havo o‘zgarishlari va kosmik ta’sirlarga moyil aholi qatlami salomatligiga ta’sir etishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz