Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni “Aholiga muddatli to‘lov xizmatlari ko‘rsatilishini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab mamlakatda muddatli to‘lov xizmatlari operatorlari faoliyati joriy etiladi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari bundan mustasno bo‘lib, muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs operator deb hisoblanadi.

Bunday faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi kompaniya Markaziy bank tomonidan shakllantiriladigan maxsus reyestrga kiritilganidan keyin vujudga keladi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari MBni xabardor qilish orqali, boshqa yuridik shaxslar esa regulyatorda hisob-kitob ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng reyestrga kiritiladi.

Muddatli to‘lov obyektining qiymati bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 250 baravaridan (1-sentabrdan — 110 mln so‘m) oshmasligi kerak. Ko‘chmas mulk, shuningdek, qonunchilikka ko‘ra muomaladan chiqarilgan yoki muomalada bo‘lishi cheklangan mulklar bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmati obyekti bo‘la olmaydi.

Muddatli to‘lov operatorlariga moliyaviy iste’mol kreditlari berish va jismoniy shaxslarning mablag‘larini jalb qilish taqiqlanadi. Muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish shartnomalari bo‘yicha talab qilish huquqidan faqat boshqa muddatli to‘lov xizmati operatori, mikromoliya tashkiloti va banklar foydasiga voz kechish huquqi beriladi.

Qaror bilan, shuningdek, muddatli to‘lov shartnomalariga qo‘yiladigan talablar belgilanmoqda. Ularda operatorning komissiyasi yoki ustamasi, shuningdek, tovar, ish yoki xizmatning yakuniy qiymatiga kiritilgan boshqa to‘lovlar alohida ko‘rsatilishi kerak.

Asosiy qarzdan tashqari barcha to‘lovlarning umumiy miqdori — vositachilik mukofotlari, jarimalar, penyalar va boshqa javobgarlik choralarini o‘z ichiga olgan holda yiliga muddatli to‘lov summasining 50 foizidan oshmasligi kerak.

Iste’molchiga muddatli to‘lovni istalgan vaqtda qo‘shimcha jarimalar, penya va komissiyalarsiz to‘liq yoki qisman muddatidan oldin uzish huquqi beriladi. Bunda muddatli to‘lov shartnomasi bo‘yicha iste’molchi majburiyatlarining maksimal muddati u tuzilgan kundan e’tiboran 12 oyni tashkil etadi.

Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan boshlab tovar iste’mol kreditlarini beruvchi tashkilotlar BHMning 3 baravarigacha (1,32 mln so‘m) bo‘lgan shartnomalar va ularning ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kredit byurolariga yuborishga majbur bo‘lmaydi.

Qarorga ko‘ra, muddatli to‘lov xizmatlari operatorlari o‘z faoliyatini amalga oshirishda quyidagilarga majbur: mijozlarni raqamli identifikatsiya va verifikatsiya qilish, barcha shartnomalar va ularning ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kredit byurolariga o‘tkazish, Markaziy bank tomonidan belgilanadigan maksimal qarz yuki ko‘rsatkichini hisobga olish.

Bundan tashqari, tovar iste’mol kreditlarini ajratuvchi, chorak yakunlari bo‘yicha tovarlar, ishlar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan aylanmasi 500 mln so‘mdan oshadigan hamda muddatli to‘lov xizmatlari ulushi 50 foiz va undan ortiqni tashkil etadigan tashkilotlar hisob-kitob ro‘yxatidan o‘tishlari, reyestrga kirishlari va muddatli to‘lov operatorlari uchun belgilangan talablarga rioya qilishlari shart bo‘ladi.

Muddatli to‘lov operatorlari, shuningdek, Markaziy bank tomonidan ularning faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish uchun belgilangan prudensial normativlar va talablarga rioya qilishga majbur bo‘ladi.

Markaziy bank tahlillari shuni ko‘rsatadiki, muddatli to‘lov bozori moliyaviy barqarorlik uchun yashirin xavf-xatarlarni keltirib chiqaradi. Regulyator xizmatlar tushumining o‘sishini va hududlar kesimida foydalanuvchilar profilini o‘rganib chiqqan.

Regulyatorning hisob-kitoblariga ko‘ra, texnikani muddatli to‘lovga xarid qilish ko‘pincha bank kreditidan ko‘ra qimmatroqqa tushadi. iPhone 16 Pro Max misolida regulyator ustama narx 44 foizgacha, real ortiqcha to‘lov esa yillik 74 foizgacha yetishi mumkinligini ko‘rsatib bergan.

2025-yilning iyun oyi oxirida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov O‘zbekistonda muddatli to‘lov bozori 8,5 trln so‘mga yetganini ma’lum qilgandi. Shartnomalarning aksariyati kredit byurolarida hisobga olinmaydi, bu esa aholining real qarz yukini oshiradi. Regulyator ishtirokchilarni ma’lumotlarni va ortiqcha to‘lovning aniq summasini ochiqlashga majbur qilishni taklif etgan.

Source: www.gazeta.uz