Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Hindistonning UPI tezkor to‘lovlar tizimi taxminan bir yildan keyin O‘zbekistonda ham ishlashi mumkin. Bu haqda ikki davlat rahbarlarining muzokaralari yakunlari bo‘yicha Hindiston TIVning g‘arb yo‘nalishi bo‘yicha kotibi Sibi Jorj ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Hindiston Milliy to‘lov korporatsiyasining xalqaro bo‘linmasi — NPCI International Payments Limited (NIPL) va O‘zbekistonning HUMO to‘lov tizimi o‘rtasida tarmoq kelishuvi imzolangan. Ushbu kelishuv UPI to‘lovlaridan UzQR milliy QR-tarmog‘i orqali butun mamlakat bo‘ylab foydalanish imkonini berishi kerak.

Kelishuv Hindiston Rezerv banki (RBI) va O‘zbekiston Markaziy bankidan ruxsatlar olinganidan so‘ng imzolangan. O‘zbekiston Markaziy banki HUMO’ni NIPL’ning savdo nuqtalarida transchegaraviy to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha vakolatli hamkori etib belgilagan.

Hindiston tomoni kelishuvni ikki davlat to‘lov tizimlarining o‘zaro mosligini oshirish yo‘lidagi “muhim birinchi qadam” deb atadi.

“Taxminan bir yildan keyin kelishuv amalga oshirilgach, O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi hindistonlik sayyohlar bu yerda UPI’ni qo‘llab-quvvatlaydigan ilovalardan foydalanishi mumkin bo‘ladi”, — dedi Sibi Jorj.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Hindiston hukumati rahbarining Toshkentga davlat tashrifi doirasida raqamli infratuzilma va UPI masalalarini muhokama qilgandi.

Hindiston TIV shuningdek, tomonlar bank va to‘lov tizimlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yaxshilash, savdo to‘siqlarini kamaytirish hamda yanada samarali mintaqaviy ta’minot zanjirlarini yaratish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Hindiston UPI’ni O‘zbekistonda ishga tushirishni o‘zining raqamli to‘lov infratuzilmasini xalqaro miqyosda kengaytirishning bir qismi sifatida ko‘rmoqda. Tomonlar, shuningdek, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Source: www.gazeta.uz