Bugun, 2-sentabr kuni, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy memorial majmuasiga tashrif buyurib, birinchi prezident haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Marosimda Qur’on suralari o‘qilib, duo qilindi. Islom Karimovning mamlakat mustaqilligi, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, xalq farovonligini oshirishdagi xizmatlari alohida ta’kidlandi.
Oliy Majlis palatalari vakillari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, ziyolilar hamda Toshkent jamoatchiligi ham haykal poyiga gullar qo‘ydi.
Shuningdek, xotira tadbirlari Samarqand va Qarshi shaharlarida ham o‘tkazilgani qayd etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, aynan 10 yil avval, 2016-yil 2-sentabrda O‘zbekiston davlat televideniyesi orqali birinchi prezident Islom Karimovning vafoti rasman e’lon qilingan edi. U bir necha kun oldin boshdan kechirgan insultdan so‘ng hayotining 79-yilida vafot etgan.
Source: uznews.uz