Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xorazm viloyatida jamoat transporti tizimini rivojlantirish va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida Xitoydan 30 ta Zhongtong rusumli avtobus olib kelindi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.

Yangi avtobuslar “Bunyod yo‘lovchi tashish” MCHJ tomonidan xarid qilingan. Shuningdek, yil boshidan buyon viloyatga olib kelingan yangi avtobuslar soni 90 taga yetdi. Bu o‘z navbatida hududdagi jamoat transporti parkini sezilarli darajada yangilash imkonini beradi.

Zamonaviy harakat tarkiblarini yaqin kunlarda Urganch shahridagi ichki avtobus yo‘nalishlariga brutto-shartnoma asosida joylashtirish rejalashtirilgan. Bu yo‘lovchilarga qulay, xavfsiz va sifatli transport xizmatlarini taqdim etish hamda tizim samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Zhongtong avtobuslari Xitoyning Shandun provinsiyasidagi Zhongtong Bus Holding Co., Ltd. kompaniyasida ishlab chiqarilgan. Avvalroq Xorazmga Yutong kompaniyasining 10 ta gibrid trolleybusi ham keltirilgan bo‘lib, ular Urganch aeroporti, Urganch va Xiva temir yo‘l vokzallarini bog‘lovchi yo‘nalishda harakatlanmoqda.

Trolleybuslar qatnovlar oralig‘ini 25 daqiqadan 12 daqiqagacha qisqartirgan. Shuningdek, viloyatda jamoat transportida yo‘lkira haqini to‘lash bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkazilmoqda. Birinchi bosqichda bir nechta yo‘nalishlarda naqd pulsiz to‘lov joriy etilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda qolgan yo‘nalishlarda ham brutto-shartnomalar asosida ushbu tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Source: www.gazeta.uz