Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

3-sentabr kuni O‘zbekiston U-20 terma jamoasi Osiyo Kubogi saralash bosqichi ikkinchi turi doirasida Hindiston termasiga qarshi maydonga tushdi. Toshkentdagi “Do‘stlik” stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv mezbonlarning aniq g‘alabasi bilan yakunlandi – 4:0.

Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq o‘zbekistonlik yoshlar tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. 29-daqiqada Ulug‘bek Maratov hisobni ochdi va jamoadoshlariga ishonch bag‘ishladi. Oradan olti daqiqa o‘tib, Kuvonchbek Abrayev muvaffaqiyatli zarbasi bilan hisobni 2:0ga yetkazdi.

Ikkinchi bo‘limda ham O‘zbekiston termasi hujumkor o‘yinini davom ettirdi. Shorahim Shorahmedov va Nurbek Sarsenbaevning gollari yakuniy hisobni belgilab berdi – 4:0. Bu natija bilan O‘zbekiston U-20 terma jamoasi guruh bosqichida ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, birinchi turda O‘zbekiston yoshlari Bangladeshni 2:0 hisobida mag‘lub etgandi. Shunday qilib, ikki turdan so‘ng jamoa 6 ochko to‘pladi, 6 ta gol urdi va o‘z darvozasidan birorta ham to‘p o‘tkazmadi.

O‘zbekiston U-20 terma jamoasi navbatdagi o‘yinini 6-sentabr kuni Suriya termasiga qarshi o‘tkazadi. Uchrashuv soat 19:00da boshlanadi. Agar ushbu o‘yinda ham g‘alaba qozonilsa, O‘zbekiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri U-20 Osiyo Kubogiga yo‘llanma oladi.

Source: uznews.uz