Toshkentdan Parkentgacha yangi shaharlararo elektr poyezdi ishga tushirildi. U 7-sentabrdan boshlab Parkent — Toshkent — Parkent yo‘nalishida qatnay boshladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabariga ko‘ra, “Boyqo‘rg‘on — Parkent” temir yo‘l liniyasi qurilishi 2025-yil yanvar oyida boshlangan. 24 kilometr elektrlashtirilgan temir yo‘l, uchta temir-beton ko‘prik, bitta avtoyo‘l o‘tkazgichi va 76 suv o‘tkazish inshooti qurildi. Shuningdek, 50 o‘ringa mo‘ljallangan “Parkent” stansiyasi ham barpo etildi.
Poyezdda 586 ta o‘rindiq mavjud bo‘lib, umumiy sig‘imi 1154 yo‘lovchiga yetadi. Kattalar uchun chipta narxi 10 ming so‘m, 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 6,5 ming so‘mni tashkil etadi. Yo‘l vaqti — 50 daqiqa. Loyiha mintaqaning turizm salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Avvalroq, 3-sentabrdan boshlab Olmaota va Urganch o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam reyslar yo‘lga qo‘yilgani xabar qilingan edi. Yangi yo‘nalish Qozog‘istonning yirik shahri bilan Xorazm viloyatini to‘xtovsiz bog‘ladi.
Source: podrobno.uz