Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida joylashgan yangi “Patron” gazkondensat konida gaz qazib olish boshlandi. Energetika vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, konning 1-sonli qidiruv qudug‘i 2-sentabr kuni ertalab soat 06:00 da gaz quvuriga ulangan va ishga tushirilgan.

Avvalroq ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida go‘yoki gaz portlashi sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Energetika vazirligi bu ma’lumot mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirib, tarqatilgan videoda aks etgan holat aslida Mirishkor tumanidagi yangi “Patron” gazkondensat konida qidiruv qudug‘ini sinovdan o‘tkazish va ishga tushirish jarayoni ekanligini tushuntirdi.

“Patron” konidagi 1-sonli qidiruv qudug‘ini burg‘ilash ishlari 2025-yilda Xitoyning BGP kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan 3D seysmik tadqiqotlar natijalari asosida boshlangan. Quduqda burg‘ilash ishlari yakunlanib, 3296−3339 metr oralig‘idagi qatlamlarni mahsuldorlikka sinash natijasida sanoat miqyosida tabiiy gaz olingan. Quduqdan olinayotgan gazning dastlabki hajmi sutkasiga 500 ming kub metrni tashkil etmoqda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur kon nisbatan kichik bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, uning zaxiralari taxminan 2,5 mlrd kub metr tabiiy gazni tashkil etadi. Ayni paytda quduqdan haqiqiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlarini aniqlash maqsadida “O‘zLITIneftgaz” AJ mutaxassislari tomonidan gazodinamik va gazkondensat tadqiqotlari olib borilmoqda.

Vazirlik videoda aks etgan olovli jarayon portlash yoki avariya emasligini alohida ta’kidladi. Yangi quduqni sinovdan o‘tkazish jarayonida gazni maxsus qurilma orqali yoqib ko‘rish quduqning mahsuldorligi, bosimi va ishlash parametrlarini aniqlashga qaratilgan odatiy texnologik jarayon hisoblanadi. Quduqni ishga tushirish ishlari neft-gaz sohasining harbiylashtirilgan qismi va “O‘zLITIneftgaz” AJ mutaxassislari ishtirokida sanoat, yong‘in, mehnat va ekologik xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshirilgan.

Jarayonlarni xavfsiz tashkil etish maqsadida barcha zarur tashkiliy va texnik choralar Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari nazorati ostida bajarilgan. Energetika vazirligi ijtimoiy tarmoqlar ma’murlaridan voqea-hodisalarni aniqlashtirmasdan, noto‘g‘ri va asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘radi. Vazirlik jamoatchilikni chalg‘ituvchi yolg‘on axborotlarni tarqatish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligini eslatib, rasmiy va ishonchli ma’lumotlarni faqat sohaning rasmiy manbalari orqali olishga chaqirdi.

O‘zbekistonda tabiiy gaz va gaz kondensati qazib olish kamayishda davom etmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-iyul oylarida tabiiy gaz qazib olish hajmi 21,6 mlrd kubometrni tashkil etdi — bu 2025-yilning shu davriga nisbatan (qariyb 25,4 mlrd kubometr) taxminan 15% yoki 3,8 mlrd kubometrga kam. Iyul oyida qariyb 3,3 mlrd kubometr gaz qazib olindi — bu o‘tgan yilning iyul oyiga nisbatan (3,58 mlrd kubometr) 7,9 foizga kam, biroq ishlab chiqarish 2,5 mlrd kubometrga tushib ketgan iyun oyidagi ko‘rsatkichdan 32 foizga ko‘p.

Source: www.gazeta.uz