Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

29-avgust kuni Toshkentdagi Lokomotiv bog'ida bo'lib o'tgan "Yashil uyim" ekologik festivalida arxitektor, Italiyaning Parma universiteti magistranti Mehriniso Ismailova an'anaviy o'zbek uylarining o'ziga xosligi, arxitekturasi, dizayn va madaniy kodlari hamda ulardagi yechimlarning zamonaviy uylarga ko'chirilishi haqida ma'ruza qildi.

Arxitektorning ta'kidlashicha, an'anaviy uylar har doim tabiat va ekologiya bilan uyg'un bo'lgani uchun ekofestivalda ayni shu mavzu tanlangan. "Mazkur ma'ruza akademik tadqiqot emas, balki festivalning umumiy maqsadiga mos ravishda arxitekturaviy nuqtai nazardan yondashilgan bilimlardir", — deydi u.

Ismailova an'anaviy hovli uylarimiz loyihalari iqlim va qadriyatlarimizdan kelib chiqib tuzilganini, avvalo uy qurishdan oldin joy belgilanishini ta'kidladi. "Hamma an'anaviy uylarimizning yuragi — hovlisi hisoblanadi", — dedi u. Qadimda hovli qurishdan oldin quyosh qayerdan chiqishi, shamol qayerdan kelishi, yozda qayerda salqin bo'lishi, qishda issiqlikni qanday saqlash kabi savollar o'rtaga tashlangan.

Ma'ruzada O'zbekistonning turli viloyatlarida hovlilarning joylashuvi farqlanishi, masalan, Toshkentda hovli o'rtada, Buxoroda esa uyning oldi yoki orqasida bo'lishi aytildi. Bu iqlim va qadriyatlarga bog'liq holda shakllangan.

Arxitektor an'anaviy uylardagi muhim elementlar — ayvon, qalin devorlar, eshik va derazalarning to'g'ri joylashtirilishi haqida batafsil to'xtaldi. Ayvonni "hozirgi konditsioner" deb atagan u, uning fizik va aerodinamik qonuniyatlarga asoslanganini, shabada esishini ta'minlab, uyning tagi qizib ketishini oldini olishini tushuntirdi.

Qalin devorlar (450-500 mm) mavsumiy harorat o'zgarishlarini sekinlashtirib, ichkarini yozda salqin, qishda issiq ushlashini aytdi. Zamonaviy ko'p qavatli uylarda esa bu vazifani termal massa yoki issiqlik izolyatsiyasi bajarishi mumkin.

Eshik va derazalarning to'g'ri joylashtirilishi havo aylanishini ta'minlashda muhimligini qayd etib, uch tur havo almashinuvi — to'g'ridan-to'g'ri, burchakli va diagonal shamollatish usullarini izohladi. Yotoqxona uchun qorong'i va salqin joy tanlash, oshxona va mehmonxonalarni ayvondan tashqarida joylashtirish kabi tavsiyalar berdi.

Ismailova zamonaviy qurilishda g'isht eng yaxshi material ekanini, lekin ekologik jihatdan qimmatligi sababli gazoblok va penoblok ishlatilayotganini, ular bilan izolyatsiya zarurligini ta'kidladi. Devor uchun oboy emas, balki bo'yoq yoki taxta panellar tavsiya qilindi.

Ma'ruza yakunida sun'iy intellektdan foydalanish bo'yicha ham amaliy maslahat berildi. Ismailova ChatGPT uchun maxsus prompt yozilgan QR kodni taqdim etib, undan foydalanib, o'z tasavvuridagi an'anaviy uy modelini yaratish mumkinligini aytdi. Biroq u sun'iy intellekt mukammal loyiha yaratmasligini, faqat g'oyalarni tasvirlashda yordam berishini qayd etdi.

"Uy qurish va tanlashga aloqador eng boshlang'ich bilimlarni oddiy odamlarga ham tushunarli tilda yetkazishga urindim. Zero, har birimiz o'z hayotimiz uchun arxitektor bo'lgan holda to'g'ri fikrlashimiz lozim", — dedi u.

Source: www.gazeta.uz