Qashqadaryo viloyatida jamoat transporti parkini yangilash bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, viloyatga Xitoydan navbatdagi 12 ta Zhongtong rusumli avtobus olib kelindi.
Ushbu avtobuslar Qashqadaryo viloyatida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi “Bazarcha” MCHJ tomonidan xarid qilingan. Kompaniya vakillarining bildirishicha, yangi texnika yaqin kunlarda Qarshi shahri ichki yo‘nalishlariga brutto-shartnoma asosida yo‘naltiriladi.
Bu bilan joriy yil boshidan buyon Qashqadaryo viloyatiga olib kelingan yangi avtobuslar soni 56 taga yetdi. Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda viloyatga jami 62 ta zamonaviy avtobus yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar bu ko‘rsatkichning katta qismi bajarilgan.
Zhongtong avtobuslari Xitoyning Shandun provinsiyasida joylashgan Zhongtong Bus Holding Co., Ltd. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Ushbu brend O‘zbekistonda so‘nggi yillarda keng tarqalmoqda.
Avvalroq, iyul oyida Qarshi shahriga Xitoydan AsiaStar rusumli 38 ta zamonaviy avtobus keltirilgan edi. Ular shaharda brutto-shartnoma asosida ishlaydigan ikkita yangi yo‘nalishga chiqarilishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz