Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Farg‘ona viloyatida o‘zini hakamlik sudi sudyasining yordamchisi deb tanishtirgan shaxs fuqaroni tuman hokimi lavozimiga joylashtirishni va’da qilib, undan katta miqdorda pora olgani aniqlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabariga ko‘ra, S.A. ismli shaxs fuqaro I.D.ning ishonchiga kirib, yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali uni Uchko‘prik tumani hokimi lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan.

U o‘z xizmati evaziga 210 ming dollar talab qilgan. Kelishilgan pulning 100 ming dollarini olayotgan vaqtida u ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Departament fuqarolarni bunday firibgarlik holatlariga uchmaslikka chaqirib, rasmiy organlarga murojaat qilishni tavsiya qiladi.

Source: www.gazeta.uz