Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Belgrad shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Serbiyaning oliy davlat mukofoti — Katta zanjirli Serbiya Respublikasi ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Marosimda Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Shavkat Mirziyoyevga ordenni topshirdi. Taqdirlash O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun amalga oshirildi.

Shavkat Mirziyoyev mukofot uchun minnatdorlik bildirib, uni serb xalqining O‘zbekistonga bo‘lgan yuksak hurmati, tobora mustahkamlanayotgan do‘stlik hamda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qat’iy intilish ramzi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.

Serbiya Respublikasi ordeni xorijiy davlat va jamoat arboblariga xalqlar o‘rtasida tinchlik, hamkorlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga, shuningdek, Serbiya bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun beriladi. Ushbu mukofot Serbiya tomonidan xorijiy rahbarlarga beriladigan eng yuqori davlat e’tirofidir.

Ushbu voqea O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning yanada mustahkamlanishida muhim qadam sifatida baholanmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda iqtisodiyot, madaniyat va siyosiy sohalarda faol rivojlanmoqda.

Source: www.gazeta.uz