Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston xalq artisti, taniqli rejissyor va aktyor Bahodir Yo‘ldoshev tavalludining 79 yilligi nishonlanmoqda. U 1945-yil 7-sentabrda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida dunyoga kelgan. Ijodkor Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tamomlagach, 1968-yildan boshlab Hamza teatrida faoliyatini boshlagan.

Bahodir Yo‘ldoshev 1974−1984-yillarda Hamza teatrida, 1984-yildan esa Abror Hidoyatov nomidagi drama teatrida bosh rejissyor sifatida ishlagan. Uning rejissyorlik mahorati bilan sahnalashtirilgan “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Farmonbibi arazladi”, “Yulduzli tunlar”, “Maysaraning ishi”, “Qora kamar”, “Sudxo‘rning o‘limi” va “Iskandar” singari spektakllar tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan.

Rejissyor va aktyor sifatida Bahodir Yo‘ldoshev kino olamida ham samarali ijod qilgan. U 1977−1984-yillarda “Olovli yo‘llar” filmida, 1981-yilda “Qalin qor bag‘ridagi uchrashuv” (“Встреча у высоких снегов”), keyingi yili “107-yo‘riqnoma bo‘yicha to‘ntarish” (“Переворот по инструкции 107”) filmida suratga tushgan. 1985−1986-yillarda esa “Tog‘lardagi uzoq aks-sado” (“Долгое эхо в горах”), “Olmos kamar”, “Ajdarho ovi” (“Охота на дракона”) kabi filmlarda rollar ijro etgan.

Shuningdek, u “Pushaymon” (“Горечь падения”) va “Dev bilan pakana” kabi kinolarda ham ishtirok etgan. Bahodir Yo‘ldoshev 2021-yilda vafot etgan bo‘lib, uning ijodi O‘zbekiston san’ati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi bilan xotirada saqlanmoqda.

Ushbu sana munosabati bilan Gazeta jamoasi rejissyor va aktyor ijodiga bag‘ishlangan maxsus test tayyorladi. Test orqali o‘quvchilar Bahodir Yo‘ldoshev hayoti va ijodi haqidagi bilimlarini sinab ko‘rishlari mumkin.

Source: www.gazeta.uz