17−19-sentabr kunlari Qoraqalpog‘istondagi Borsakelmas sho‘rxokida ikkinchi bor Yonar art-installyatsiyalar ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Tadbir O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi ko‘magida, “Stixiya” elektron musiqa, san’at va ilm-fan festivali asoschilari Otabek Sulaymonov hamda Odil Muhamedov tomonidan o‘tkazilmoqda. Bu yilgi bosh mavzu — tushlar.
“Bizni tushlar, syurrealizm, g‘aroyib obrazlar, absurd va, umuman olganda, reallik bilan tasavvur oralig‘idagi har qanday narsa qiziqtiradi. Fikrimizcha, Borsakelmasning o‘zi bunga mutlaqo mos keladi”, — deya ta’kidladi Otabek Sulaymonov.
Toshkent, Nukus, Mo‘ynoq, Berlin, Vena, London, Moskva, Olmaota, Bishkek va boshqa shaharlardan tashrif buyuradigan 40 ga yaqin ishtirokchi ushbu kimsasiz hududda White Salt City (inglizchadan — “Oq tuz shahri”) nomli ijodiy manzilgoh barpo etadi. Ko‘rgazma ishtirokchilari uch kun davomida u yerda yashab, taom tayyorlaydi, musiqiy chiqishlar va turli mashg‘ulotlar o‘tkazadi hamda belgilangan mavzu bo‘yicha installyatsiyalar yaratadi.
Ko‘rgazma yakunlangach, o‘tgan yildagidek art-obyektlar to‘liq buzib olinadi. Bunday yondashuv AQShning Blek-Rok cho‘lida har yili o‘tkaziladigan va tashkilotchilarni O‘zbekistonda o‘z loyihasini yaratishga ilhomlantirgan Burning Man festivalini eslatadi.
Bu yil tashkilotchilarga ishtirok etish uchun 70 dan ziyod ariza kelib tushdi. “Bizda hakamlar hay’ati yo‘q. Butun jamoa bo‘lib arizalarni ko‘rib chiqamiz va deyarli barchani qabul qilishga harakat qilamiz. Bir qiziq jihatga e’tibor qaratdik: Yonar`ga tasodifiy odamlar ariza topshirmaydi — odatda inson qayerga va nima maqsadda borayotganini aniq tushunib turadi. Bu yil ko‘plab arizalar juda puxta ishlab chiqilgan”, — dedi Odil Muhamedov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, saralash jarayonida insonning umumiy lagerga qo‘shadigan hissasi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. “Bu installyatsiya yaratish, musiqa ijro etish, qurilishda yordam berish, ovqat tayyorlash, vorkshop o‘tkazish yoki boshqalar bilan birgalikda amalga oshirishni istagan biror g‘oya bo‘lishi mumkin”, — deya tushuntirdi Otabek Sulaymonov.
O‘tgan yilgidek, bu yil ham Yonar`da tomoshabinlar bo‘lmaydi. Har bir ishtirokchi manzilgoh hayotining muayyan qismi uchun javobgar bo‘lib, o‘zini o‘zi to‘liq ta’minlash sharti bilan keladi: yo‘l xarajatlari, yashash va ovqatlanishni mustaqil tashkillashtiradi, barcha zarur buyumlar va ish qurollarini o‘zi bilan olib keladi. Shu bilan birga, tashkilotchilar logistika hamda asosiy infratuzilmani yaratish javobgarligini o‘z zimmalariga oladi.
“Biz Nukus — Borsakelmas — Nukus yo‘nalishi bo‘yicha transferni, ko‘rpacha, yostiq va choyshablar bilan ta’minlangan o‘tovlarda joylashtirishni o‘z zimmamizga olamiz. Vaqtinchalik hojatxonalar, qo‘l yuvish joylari va umumiy oshxona quramiz, birgalikda ovqat tayyorlash uchun oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik hamda texnik suv xarid qilamiz, shuningdek, lagerni elektr energiyasi bilan ta’minlaymiz”, — deya so‘zida davom etdi Otabek Sulaymonov.
Mualliflarning art-installyatsiyalarni barpo etish xarajatlari ham qoplab beriladi. “Yonar`ning asosiy tamoyili o‘zgarishsiz qolmoqda: bu tomoshabinlari bo‘lgan yoki tashkilotchilar siz uchun hamma narsani tayyorlab beradigan festival emas. Shaharni ishtirokchilarning o‘zlari yaratadi va har biri uning ma’lum bir qismi uchun mas’uldir”, — dedi Odil Muhamedov.
Yonar hududida tijoriy savdo va brendlarning reklamasi taqiqlanadi. Festival yakunlangach, ishtirokchilar lager va art-obyektlarni buzib, “ortingdan iz qoldirma” qoidasiga rioya qilgan holda barcha chiqindilarni yig‘ib olib chiqib ketadi. Sho‘rxok hududi ular kelishidan avval qanday bo‘lsa, aynan shu holatda qolishi kerak. Tashkilotchilardan bu yilgi festivaldan nimalar kutayotgani haqida so‘ralganda, ular “ketish va yana qaytib kelish” niyatida ekanini bildirdi.
Source: www.gazeta.uz