Ichki ishlar vazirligi Toshkentda transmilliy jinoiy uyushma faoliyatiga aloqadorlikda gumonlanayotgan 14 kishi qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Ushbu keng qamrovli tezkor tadbir respublika huquqni muhofaza qilish organlarining hamkorligida amalga oshirildi.
IIV Tezkor qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi hamda xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda Toshkentning Chilonzor, Yunusobod, Yangihayot, Bektemir va boshqa hududlarida oltita yo‘nalishda tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbirlar davomida nufuzli oliy ta’lim muassasasining 3-bosqichida tahsil oluvchi 21 yoshli talaba internet-narkodo‘konda kladmen bo‘lib ishlagani aniqlandi. Uning boshqaruvidagi Onix rusumli avtomobil Yangihayot tumani hududidagi postda to‘xtatilib tekshirilganda, salon qismiga yashirilgan 500 gramm alfa-PVP sintetik giyohvandlik moddasi topildi. Giyohvandlik vositasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tezkor tadbirlarning ikkinchi yo‘nalishida jinoiy uyushmaning Namangan viloyatida faoliyat yuritib kelgan a’zosi qo‘lga olindi. Tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilib, jinoiy sheriklarning har biri o‘zaro bog‘langan yagona narkotarmoqning bo‘g‘inlari sifatida fosh etildi.
Xalqaro yo‘nalishdagi hamkorlik natijasida transmilliy jinoiy uyushma yetakchilaridan biri xorijiy davlat hududida yashirinib yurgani aniqlanib, u shu davlatning huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olindi.
Transmilliy jinoiy uyushmaning O‘zbekiston hududidagi faoliyatiga aloqador shaxslarni aniqlashga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida uyushmaning 7 nafar omborchisi va ularga ishlagan 6 nafar zakladchik, shuningdek, uyushma yetakchilaridan biri qo‘lga olindi. Shu tariqa, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida transmilliy jinoiy uyushmaga aloqadorlikda gumonlanib, jami 14 kishi qo‘lga olindi.
Ulardan 2 kg 500 gramm alfa-PVP sintetik giyohvandlik vositasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. IIV ma’lum qilishicha, ushbu miqdor 71 433 ta bir martalik dozaga teng.
Holat yuzasidan qo‘lga olingan gumonlanuvchilarning barchasiga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ma’lumot uchun, ushbu moddaga muvofiq, ko‘p miqdorda, uyushgan guruh tomonidan ikki yoxud undan ortiq davlat hududida yoki Internet tarmog‘idan foydalanib, giyohvandlik vositalarini o‘tkazish 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Source: www.gazeta.uz