Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

9-sentabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi binosi oldida respublikaning turli hududlaridan kelgan bir guruh fuqarolar to‘plandi. Ular SSPE (Subacute Sclerosing Panencephalitis — nimo‘tkir sklerozlanuvchi panensefalit) kasalligiga chalingan bolalarning ota-onalari bo‘lib, hukumatdan zarur dori-darmonlar, tibbiy yordam va moddiy ko‘mak ajratilishini talab qilishdi.

SSPE — qizamiq virusining og‘ir asorati bo‘lib, virus bilan og‘rigandan 2 yildan 10 yilgacha vaqt o‘tgach, bosh miya hujayralarini shikastlaydi. Kasallik asosan 2 yoshgacha qizamiq bilan og‘rigan bolalarda uchraydi. Ota-onalardan birining aytishicha, hozirda O‘zbekistonda SSPE bilan kasallangan bolalar soni 350 nafarga yaqin, 60 nafarga yaqini vafot etgan. Faqat Namangan viloyatida yil boshidan buyon 8 nafar bola hayotdan ko‘z yumgan. Kasallik asosan 2019-yilda tug‘ilgan, qizamiq virusiga chalingan bolalarda kuzatilmoqda.

Ota-onalar qizamiq virusi COVID-19 dan keyin mutatsiyaga uchraganini va yovvoyi shtammi tasdiqlanganini ta’kidlashmoqda. «Qizamiq virusi COVIDdan keyin mutatsiyaga uchragan, yovvoyi shtampi O‘zbekiston Virusologiya instituti tomonidan tasdiqlangan. Shuning uchun bu qaytalanyapti. 2019-yildan oldin tug‘ilganlarda bu kasallik bo‘lmaydi. COVID asorati bilan mutatsiya bo‘lgani uchun qizamiq virusi juda xavfli virusga aylandi», — dedi bolasi kasal bo‘lgan otalardan biri.

Ota-onalar xastalik tez rivojlanayotgani sababli bolalarga doimiy, qimmat simptomatik va virusga qarshi terapiya zarurligini aytishdi. Biroq zarur preparatlarni xorijdan olib kelish va uzluksiz ta’minlashda katta muammolar bor. «Hozirgacha 70–80 ming dollar sarfladik. Har bitta dorisi 7–8 mln so‘m, chet eldan shifokorlarni olib kelish, ko‘rsatish katta mablag‘ talab qiladi», — dedi ota-onalardan biri. Ular ba’zi oilalar moddiy qiyinchiliklar tufayli buzilib ketayotganini, ota-onalar chet elda ishlab, bolasini davolatishga majbur bo‘layotganini qayd etishdi.

Ota-onalar avvalgi vazirlar ham va’dalar berganini, ammo moddiy yordam va chet ellik mutaxassislarni jalb qilishda hech narsa qilinmaganini ta’kidlashdi. Ular hozirgi vazir bilan gaplashganini va u shaxsan muammolarni hal qilishga va’da berganini aytishdi. Shuningdek, ba’zi ota-onalar bolalarining ahvoli yaxshilanganini, ammo bu davolanish natijasi emas, balki parvarish va tabiiy ovqatlanish tufayli ekanini aytishdi.

Ta’kidlash joizki, Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘sha yerda yig‘ilgan jurnalistlarga izoh berishni ma’lum qilgan edi. Biroq oradan bir kun o‘tib, material e’lon qilingan vaqtga qadar vazirlik matbuot xizmati tomonidan hech qanday rasmiy munosabat berilmadi. Gazeta vaziyatni kuzatishda davom etadi.

Source: www.gazeta.uz