Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqand arxeologiya instituti Ya. G'ulomov nomidagi institut Xitoyning Shimoli-g'arbiy universiteti Ipak yo'li arxeologiyasi tadqiqot markazi bilan hamkorlikda Surxondaryo havzasidagi O'zod yodgorligida arxeologik qazishma va tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Bu haqda Madaniy meros agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadqiqotlar joriy yilning 15 avgustida boshlandi. Yodgorlik 2023-yilda Surxondaryo havzasining sharqiy qismida olib borilgan dala razvedka ishlari davomida topilgan edi. U O'zod qishlog'ining janubi-sharqida, Dalvarzintepa yodgorligidan taxminan 6 km janubi-sharqda joylashgan.

Taxminan 200×100 metr maydonga ega yodgorlik hududida 100 ga yaqin qabr aniqlangan. Hozirda yodgorlikning janubi-g'arbiy qismidagi 10 dan ortiq qabrda arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda.

Dastlabki natijalarga ko'ra, qabrlarning tuzilishi va topilgan arxeologik ashyolar Sapalli madaniyati yodgorliklariga xos xususiyatlarga ega. Sapalli madaniyati — hozirgi O'zbekiston janubida miloddan avvalgi II ming yillikda mavjud bo'lgan bronza davri arxeologik madaniyati.

«Radioaktiv uglerod tahlili natijalari hamda topilmalarni qiyosiy-tipologik o'rganish yodgorlikni miloddan avvalgi 1700–1500-yillarga oid qilish imkonini beradi», — deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun: O'zod yodgorligi Surxondaryo viloyatining Sho'rchi tumanida joylashgan. U mintaqadagi qadimiy dafn an'analarining shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini o'rganish uchun muhim ilmiy ahamiyatga ega. Ayni damda yodgorlikda dala arxeologik tadqiqotlari va qazishmalar davom etmoqda.

Source: uznews.uz