Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi Ozod yodgorligida miloddan avvalgi 1700−1500-yillarga tegishli qabriston va arxeologik ashyolar topildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar qildi. Ushbu topilma mintaqa tarixini o‘rganishda muhim qadam bo‘lishi mumkin.
U yerda Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti hamda Xitoyning Shimoli-g‘arbiy universiteti Ipak yo‘li arxeologiyasi tadqiqot markazi hamkorligida arxeologik qazuv-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Tadqiqotlar 15-avgustdan boshlangan. Ozod yodgorligi 2023-yilda Surxondaryo havbasining sharqiy qismida o‘tkazilgan dala-qidiruv ishlari davomida aniqlangan.
Yodgorlik Ozod qishlog‘ining janubi-sharqida, Dalvarzintepadan qariyb 6 kilometr janubi-sharqda joylashgan. Uning maydoni taxminan 200×100 metrni tashkil etadi. Mutaxassislar yodgorlik hududida 100 ga yaqin qabr borligini aniqlagan. Joriy yilda uning janubi-g‘arbiy qismidagi 10 dan ortiq qabrda arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, qabrlarning tuzilishi va ulardan topilgan arxeologik ashyolar Sopolli madaniyati yodgorliklariga xos jihatlarga ega. Radiokarbon (¹⁴C) tahlillari va arxeologik ashyolarning qiyosiy-tipologik o‘rganilishi yodgorlikni miloddan avvalgi 1700−1500-yillarga borib taqalishini ko‘rsatmoqda. Bu esa Sopolli madaniyatining paydo bo‘lishi va rivojlanishi haqidagi mavjud nazariyalarni qayta ko‘rib chiqishga asos bo‘lishi mumkin.
Ozod yodgorligi Surxondaryo havbasida aniqlangan eng qadimgi qabristonlardan biri sifatida baholanmoqda. Uni o‘rganish mintaqadagi qadimgi dafn an’analarining shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini tadqiq etishda muhim ahamiyatga ega. Ayni paytda yodgorlikda arxeologik dala-qazuv ishlari davom etmoqda.
Avvalroq Bo‘stonliq tumanidagi Arkutsoy paleolit yodgorligidan inson tomonidan ishlov berilgan tosh artefaktlar topilgani xabar qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ular aniqlangan qatlam 320−280 ming yil avval shakllangan bo‘lib, sanalar tasdiqlansa, Arkutsoy O‘zbekistondagi eng qadimgi arxeologik yodgorlikka aylanishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz