O‘zbekistonda davlat axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari, elektron hukumat va hujjat aylanishi yangilangan o‘zbek alifbosiga moslashtirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Senat majlisida Raqamli texnologiyalar vazirligi vakili senator Husan Ermatovning savoliga javoban ma’lum qildi.
Senator yangi Ö, Ğ, Ş va Ç harflari (O‘, G‘, Sh va Ch o‘rniga) davlat axborot tizimlari, elektron hukumat platformalari, elektron hujjat aylanmasi va ma’lumotlar bazalariga qanday joriy etilishi haqida so‘radi. Raqamli texnologiyalar vazirining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nurulla Abdullayev qonun qabul qilinganidan so‘ng yagona texnik standart ishlab chiqish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
“Ikkinchidan, ma’lumotlar bazalari auditi o‘tkaziladi va ularda mavjud mana shu O‘, G‘, Sh va Ch kabi harflar avtomatik ravishda almashtiriladi. Uchinchidan, integratsiya va ma’lumotlar almashinuvi moslashtiriladi. To‘rtinchidan, elektron hujjat aylanishi moslashtiriladi”, — dedi u. Bundan tashqari, hukumat fuqarolar ma’lumotlarini migratsiya qilish, shuningdek, qidirish va identifikatsiya qilish mexanizmlarini takomillashtirishni rejalashtirmoqda.
Vazirlik vakiliga ko‘ra, texnik jihatdan joriy etish nisbatan oson kechishi kerak, chunki taklif etilayotgan harflar boshqa mamlakatlarda allaqachon qo‘llanadi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayev amaldagi alifbo loyihasi so‘nggi o‘n yil ichidagi allaqachon beshinchi variant bo‘lganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihani tayyorlashda yangi harflarning raqamli texnologiyalarga mosligiga alohida e’tibor qaratilgan. Buning uchun lotin alifbosidan foydalanadigan mamlakatlar va xalqlar tajribasi o‘rganilgan.
Xolbo‘tayev mutaxassislar allaqachon klaviaturadagi bo‘sh kataklarga to‘rtta yangi harfni joylashtirish variantlarini taklif qilayotganini aytdi. Ko‘rsatilgan fotosuratga ko‘ra, gap standart lotin klaviaturasida odatda [ ] \ ; ' tugmalari joylashadigan hudud haqida ketmoqda. Maketda aynan shu pozitsiyalar yangi Ö, Ğ, Ş va Ç belgilari uchun rang bilan ajratilgan. “Juda bir qisqa fursat ichida o‘sha bo‘sh kataklarga harflar joylashadi va biz boya aytilganidek, beshta-oltita harakat bilan emas, bitta tugmani bosganda o‘sha bizga qiyinchilik tug‘dirayotgan harflarni yozish imkoniga ega bo‘lamiz”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiy ishlab chiquvchilar tegishli yechimlarni yaratishni allaqachon boshlagan. Internetda matnlarni kirill va amaldagi lotin alifbosidan yangilangan alifboga avtomatik tarzda o‘girish imkonini beruvchi dasturlar paydo bo‘lgan. Xolbo‘tayev amaldagi O‘ va G‘ yozuvlarini o‘zbek tilini raqamlashtirishga to‘sqinlik qilayotgan omillardan biri deb atadi. “Mana shu alifbomizdagi to‘rtta harf, ayniqsa O‘ va G‘ harflari, ularning qo‘shimcha belgisi bizning alifbomizning tanasiga kirgan bir zirapchadek, to‘g‘risini aytganda, bizga xalaqit berib kelayotgandi”, — dedi u.
Avvalroq Senat lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlar kiritishni ma’qullagan edi. Yangi variant amaldagi 26 ta harf va uchta harf birikmasi o‘rniga 28 ta harf va bitta apostrofdan iborat bo‘ladi. Sh, Ch, O‘ va G‘ o‘rniga Ş, Ç, Ö va Ğ harflaridan foydalanish, Ng ni esa alifboning alohida birligi sifatida chiqarib tashlash taklif etilmoqda. Senator Husan Ermatov O‘zbekiston hanuzgacha kirill yozuvidan amaldagi lotin yozuviga o‘tishni yakunlamaganini bildirdi va “uchta alifbo” paydo bo‘lishi xavfidan ogohlantirdi. Hukumat OAV va rasmiy ish yuritishni yagona yangilangan alifboga o‘tkazishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Qonun kuchga kirishi uchun uni prezident imzolashi kerak.
Source: www.gazeta.uz