Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv omborida 2-sentabr kuni sodir bo‘lgan fojiali voqea oqibatida cho‘kib ketgan uch kishidan ikkinchisining jasadi topildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) matbuot xizmatining xabar berishicha, jasad 10-sentabr kuni soat 12:07 da FVV g‘avvoslari tomonidan suvdan chiqarilgan. Marhum katta farzand bo‘lib, u 2006-yilda tug‘ilgan.
Eslatib o‘tamiz, 9-sentabr kuni kenja farzandning jasadi topilgan edi. U 2009-yilda tug‘ilgan. Hozircha oila boshlig‘i – 1978-yilda tug‘ilgan otaning jasadi qidirilmoqda. Qidiruv ishlari davom etmoqda.
Voqea 2-sentabr kuni Bo‘stonliq tumanida, katerda sayr qilish paytida yuz bergan. Oilaning bir a’zosi cho‘milish uchun suvga tushgan, biroq qutqaruv nimchasi bo‘lmagani sababli cho‘kib ketgan. Unga yordam berish maqsadida akasi va otasi ham suvga tushgan, afsuski, ularning barchasi cho‘kib ketgan.
Qidiruv ishlarining ko‘lami kengligi va suv omborining chuqurligini inobatga olib, sohilda maxsus shtab tashkil etilgan. Qidiruvga Jizzax va Sirdaryo viloyatlari FVB xodimlari ham jalb qilingan. FVV matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, qidiruv ishlari qiyin sharoitlarda olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz