O‘zbekistonda maktab yoshidagi nogironligi bo‘lgan bolalar soni 132 mingdan oshadi. Ularning faqat bir qismi umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’lim bilan qamrab olingan: 2610 ta maktabda 6801 nafar bola o‘qimoqda, 17 056 nafari esa uyda ta’lim oladi. Bu raqamlar ortida ko‘plab muammolar yotibdi: o‘qituvchilarning tayyorgarligi, infratuzilma yetishmasligi, jamiyatdagi stereotiplar va islohot sur’ati bilan sifati o‘rtasidagi ziddiyat.
UNICEFning inklyuziv ta’lim bo‘yicha milliy konsultanti Shahnoza Toxtiyarova ta’kidlashicha, inklyuziv ta’limning tor va keng ma’nosi bor. Tor ma’noda bu nogironligi bo‘lgan yoki muayyan qiyinchiliklarga duch kelayotgan o‘quvchilarni ta’lim jarayoniga qo‘shish bo‘lsa, keng ma’noda — nogironligi bor-yo‘qligidan qat’i nazar, turli ehtiyoj va imkoniyatlarga ega barcha bolalarni teng jalb qilishdir. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pincha o‘qituvchilar bolaning ehtiyojiga moslashish o‘rniga, boladan dastur talablariga moslashishni kutadi, bu esa inklyuziv ta’limning asosiy tamoyiliga ziddir.
Nogironlik va inklyuziv rivojlanish masalalari bo‘yicha tadqiqotchi Dilmurod Yusupovning fikricha, jamiyatda inklyuziya ko‘pincha faqat nogironlik bilan bog‘lanadi, aslida bu tushuncha ancha keng. “Inklyuziya” so‘zi fransuz tilidan kirib kelgan bo‘lib, jamiyatga qo‘shish, birlashtirish ma’nosini anglatadi. Uning qayd etishicha, nogironligi bo‘lgan bola ham, kam ta’minlangan oila farzandi ham, olis hududda yashovchi bolalar ham teng imkoniyatga ega bo‘lishi kerak. “Bizda esa “inklyuziv” deganda hatto “inklyuzivligi bor bolalar” kabi noto‘g‘ri iboralar ishlatiladi. Aslida inklyuziya bolada emas, jamiyatda va maktabda bo‘lishi kerak”, — deydi u.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Ro‘zibek To‘rayevning tan olishicha, inklyuziya deganda faqat nogironligi bo‘lgan bolalarni tushunish stereotipini asosan amaldorlar va davlat xizmatchilari shakllantirib kelgan. Uning ta’kidlashicha, inklyuzivlik — bu tenglik, va bu yondashuvdan asta-sekin voz kechish kerak. U kundalik hayotdagi ko‘plab holatlarni, masalan, turli tillarda ta’lim olayotgan bolalarning bitta tizimda o‘qishini yoki qizlar va o‘g‘il bolalarga teng imkoniyat yaratilishini ham inklyuziyaning bir ko‘rinishi deb hisoblaydi. To‘rayevning fikricha, xorijiy tajribada, xususan, Yevropa davlatlarida “inklyuziya” ko‘proq migrantlar farzandlari, boshqa millat va din vakillarining jamiyatga moslashuvi tushuniladi, nogironligi bo‘lgan insonlarning ta’lim olishi esa allaqachon oddiy holatga aylangan.
Mutaxassislar inklyuziv ta’lim uzoq muddatli jarayon ekanligini ta’kidlaydilar. Shahnoza Toxtiyarova “biz hali yo‘lning eng boshida turibmiz”, deydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlarda bu jarayon asrlar davomida shakllangan, O‘zbekistonda esa tizimli islohot sifatida yaqinda — 2020-yildan boshlab joriy etila boshlangan. Dilmurod Yusupov AQShda inklyuziv ta’lim islohoti kamida 70 yil davom etganini, Yevropada ham bu jarayon hali tugamaganini qayd etadi. U 2025-yilga qadar umumta’lim maktablarining 51 foizini inklyuziv ta’limga o‘tkazish kabi ko‘rsatkichlarni “noreal” deb baholaydi va sur’atni pasaytirib, sifatga e’tibor qaratishni taklif qiladi: “Biz bu o‘zgarishlar bilan bolaga zarar yetkazmayapmizmi?” degan savolni doim berishimiz kerak.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha 2610 ta umumta’lim maktabida inklyuziv ta’lim sinflari ochilgan, shulardan 860 tasida nisbatan to‘siqsiz muhit yaratilgan. 2024-yil aprel-may oylarida Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda uyda ta’lim olayotgan bolalarni qayta o‘rganib chiqish natijasida ularning qariyb 30 foizi umumta’lim maktablariga chiqib o‘qish imkoniyatiga ega ekani aniqlangan. Biroq maktablar hali to‘liq tayyor emas: bolaning maktabga borib-kelishi, o‘qituvchining bunday bola bilan ishlashga tayyorligi, sinfdagi boshqa 25-30 nafar bolaning ta’lim olish huquqi kabi masalalar hal etilishi kerak.
O‘qituvchilarning tayyorgarligi eng og‘riqli masalalardan biri. Shahnoza Toxtiyarova “o‘qituvchilarni tayyorlamasdan turib inklyuziv ta’lim jarayoniga jalb qilish — ularni tayyorgarliksiz jangga kiritish bilan barobar”, deydi. Uning qayd etishicha, pedagogik yondashuvlar hanuzgacha o‘qituvchini tinglaydigan va savol berilganda qo‘l ko‘tarib javob beradigan o‘quvchi modeliga moslashgan. O‘qituvchilarga turli vaziyatlarni boshqarish strategiyalari, masalan, bola agressiv xulq-atvor ko‘rsatsa qanday harakat qilish, qaysi protokolga amal qilish kerakligi haqida aniq ko‘rsatmalar yetishmaydi. Shuningdek, inklyuziv ta’limni faqat jismoniy infratuzilma bilan baholamaslik kerak: bullingning oldini olish, ota-onalarning munosabati, maktab ma’muriyatining yondashuvi ham muhim.
Sinfdagi o‘quvchilar sonining ko‘pligi, ayniqsa katta shaharlarda bir sinfda 35-40 nafardan ortiq o‘quvchi bo‘lishi o‘qituvchining har bir bolaga individual yondashishini qiyinlashtiradi. Mutaxassislar barcha hudud va maktablarga bir xil yondashuv bilan qaramaslikni, o‘qituvchilarni tayyorlash, baholash tizimini takomillashtirish, sinflardagi o‘quvchilar soni va maktab muhitini hisobga olishni bosqichma-bosqich hal qilishni tavsiya qiladilar. Eng muhimi, bu o‘zgarishlar faqat nogironligi bo‘lgan bolalar uchun emas, balki barcha o‘quvchilar uchun ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilishi kerak.
Source: www.gazeta.uz