Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tayyorlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Taqdimotda so‘nggi yillarda tarmoqda erishilgan yutuqlar e’tirof etildi. Xususan, ishlab chiqarish hajmi 2018-yildagi 4,7 trln so‘mdan 43,1 trln so‘mga yetgani, eksport hajmi 1 mlrd dollardan oshgani va O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari hozirda 65 ta davlatga yetkazib berilayotgani ta’kidlandi. Tarmoqda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi ortib, misdan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport qilish ko‘paygan, past qiymatli mahsulotlar ulushi esa kamaygan.

Maishiy texnikaga ichki talabning 80 foizi mahalliy mahsulotlar hisobiga qoplanmoqda, ishlab chiqarilayotgan maishiy texnika mahsulotlarining 30 foizi eksport qilinmoqda. Shuningdek, quyosh panellari, yuqori kuchlanishli kabellar, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari, vakuum o‘chirgichlar, yuqori kuchlanishli ajratgichlar va issiqlik nasoslari kabi yuzlab yangi turdagi mahsulotlar o‘zlashtirilgan.

Joriy yilning dastlabki yetti oyida tarmoqda 30 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 706 mln dollarlik eksport ta’minlangan. 148 mln dollarlik 16 ta loyiha ishga tushirilib, 1,2 mingta ish o‘rni yaratilgan. Yil yakunigacha 51 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 1,6 mlrd dollarga yetkazish hamda 420 mln dollarlik 67 ta loyihani ishga tushirish vazifasi belgilangan.

Taqdimotda 2030-yilgacha elektrotexnika va unga yondosh sanoatda ishlab chiqarish hajmini 11 mlrd dollarga, eksportni 5 mlrd dollarga yetkazish, tarmoqqa 3 mlrd dollar investitsiya jalb qilish va misga qo‘shilgan qiymatni 35 foizga olib chiqish rejalari ko‘rib chiqildi. Buning uchun O‘zbekistonda zarur xomashyo bazasi va bozor mavjudligi qayd etildi. Hozir yiliga 150 ming tonnadan ortiq mis katodi ishlab chiqarilmoqda, yangi quvvatlar ishga tushirilishi natijasida bu ko‘rsatkichni 300 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, 15 GVt quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda, bu elektrotexnika mahsulotlari uchun yiliga 500 mln dollarlik buyurtma bozorini shakllantiradi.

Shu bilan birga, tarmoqda aylanma mablag‘ uchun kredit olishda garov ta’minoti yetishmasligi, mis xomashyosini birja orqali xarid qilish uchun qulay moliyaviy instrumentlar zarurligi va yirik xalqaro brendlarni jalb qilish uchun kafolatlangan mexanizmlarni kengaytirish kabi muammolar mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan tarmoq korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari taklif qilindi. Jumladan, mis xomashyosini xarid qilishda to‘lovning 25 foizini korxonalar, qolgan 75 foizini “O‘zsanoateksport” AJ amalga oshiradi. Korxonalar ushbu mablag‘ni 90 kun ichida yillik 6 foizgacha bo‘lgan stavkada qaytaradi. Bu maqsadlar uchun 50 mln dollar resurs yo‘naltiriladi.

Endilikda kreditlar bo‘yicha eksport shartnomalari va sug‘urta polislari kabi boshqa ta’minot turlarini ham qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Investitsiya loyihalariga milliy va xorijiy valyutada ajratilgan kreditlarning bir qismi uch yil davomida qoplab beriladi. Kamida 50 mln dollar sarmoya kiritadigan yirik xalqaro brend kompaniyalariga soliq imtiyozlari berilib, ularga infratuzilmaga ega tayyor binolar taklif etiladi. Elektrotexnika sanoati korxonalari uchun soliq va bojxona imtiyozlarini 2030-yilgacha uzaytirish, shuningdek, tarmoq bilan bog‘liq mahalliy sanoat korxonalarini ham qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilmoqda.

Eksportni kengaytirish maqsadida xorijiy bozorlarda savdo omborlari tashkil etish, mahsulotlarni sertifikatlash va tashqi bozorlarga chiqish jarayonlarini yengillashtirish choralari ko‘riladi. Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston va Iroq bozorlariga kompleks texnologik yechimlar eksportini kengaytirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Tarmoqda innovatsiya va ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish uchun To‘rtinchi sanoat inqilobi ilmiy-tadqiqot va innovatsiya markazini tashkil etish taklif qilindi. Markaz yangi mahsulotlarni raqamli modellashtirish, sinovdan o‘tkazish, mahalliylashtirish, prototiplar tayyorlash va korxonalarga injiniring xizmatlari ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Prezident mutasaddilarga elektrotexnika sanoatida qo‘shilgan qiymatni oshirish, yuqori texnologik mahsulot va materiallar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hamda mahalliy korxonalarni global qiymat zanjirlariga olib kirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Source: www.gazeta.uz