Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda jadal qurilish va infratuzilma rivoji sharoitida noyob tarixiy shaharlar — Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz hamda Toshkentning modernistik arxitekturasini muhofaza qilish uchun prinsipial jihatdan yangi Heritage Impact Assessment (HIA — merosga ta’sirni baholash) tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 10-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi. Tizim madaniy meros obyektlariga har qanday qurilish yoki infratuzilma loyihasining ta’sirini oldindan baholash imkonini beradi.

Madaniy merosning yagona raqamli platformasini yaratish, obyektlarning raqamli egizaklarini shakllantirish, shuningdek, Heritage Open Data — madaniy merosga oid ochiq ma’lumotlar tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda. Madaniy meros situatsion markazi IoT-sensorlar, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, videotahlil va sun’iy intellekt vositalari yordamida monitoring olib borish imkonini beradi. 2030-yilga qadar barcha madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Turistik yuklamani boshqarish maqsadida Visitor Management tizimini joriy etish, raqamli chiptalardan foydalanishni kengaytirish, sayyohlar oqimini prognoz qilish va zarurat tug‘ilganda ayrim obyektlarga tashrif buyuruvchilar soniga cheklov o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda. Kadrlar sohasida mutaxassislarni tayyorlash tizimini yaratish, Buxoroda ixtisoslashtirilgan oliy restavratsiya maktabini ochish, Arxeologiya institutining hududiy filiallarini rivojlantirish hamda restavratorlarni litsenziyalash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi hamda YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya rahbari Gayane Umerova taqdimotda soha rivojiga oid muhim tashabbuslarni ma’lum qildi. Shuningdek, ixtisoslashtirilgan mozaika markazini tashkil etish taklif qilindi. Unda an’anaviy usullar zamonaviy loyihalash, ishlab chiqarish va restavratsiya texnologiyalari bilan uyg‘unlashtiriladi. Markaz Toshkent mozaika maktabini saqlab qolish, mutaxassislar tayyorlash va monumental san’atning yangi yo‘nalishini rivojlantirish uchun maydon bo‘lib xizmat qiladi.

2026−2030-yillarga mo‘ljallangan Toshkent modernizm me’morchiligini asrab-avaylash va targ‘ib qilish davlat dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan. Yaqinda poytaxt hududidagi XX asr modernistik arxitekturasining 10 ta yodgorligi YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani shahar arxitektura merosini saqlash va o‘rganish, madaniy turizmni rivojlantirish, tadqiqotchilar va arxitektorlarni jalb qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi qayd etildi. Shuningdek, 2027−2035-yillarga mo‘ljallangan Madaniy merosni rivojlantirish strategiyasini qabul qilish taklif etildi. Unda madaniy merosni raqamlashtirish, moddiy va nomoddiy merosni saqlash, madaniy boyliklarni Vatanga qaytarish, tabiiy merosni muhofaza qilish hamda restavratsiya sohasini rivojlantirish dasturlari nazarda tutiladi.

Turli tarixiy davrlarda mamlakat hududidan olib chiqib ketilgan noyob tarixiy yodgorliklar, arxeologik artefaktlar, nodir qo‘lyozmalar va san’at asarlarini tizimli ravishda izlash, huquqiy himoya qilish hamda Vatanga qaytarish maqsadida Prezident huzurida madaniy boyliklarni repatriatsiya qilish bo‘yicha komissiya tuzishga qaror qilindi. “Zomin tog‘lari” tabiiy obyektini YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish uchun nominatsiya hujjatlari tayyorlanayotgani ma’lum qilindi. Hudud Zomin davlat qo‘riqxonasi va Zomin milliy tabiat bog‘ini qamrab oladi. Ular qimmatli archazorlar hamda noyob hayvon va qush turlari yashaydigan hududlarni o‘z ichiga olgan yagona tog‘ tabiiy majmuasini tashkil etadi.

YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya kotibiyati faoliyatini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mamlakatning YUNESKO tarmoqlaridagi ishtirokini muvofiqlashtirish bo‘yicha kotibiyat vakolatlarini kengaytirish taklif etilmoqda. Bular ijodiy shaharlar tarmog‘i, ta’lim oluvchi shaharlar tarmog‘i, assotsiatsiyalashgan maktablar tarmog‘i, YUNESKO kafedralari, assotsiatsiya va klublar, shuningdek, global geoparklar tarmog‘ini qamrab oladi. Xivadagi Ichan-qal’a muzey-qo‘riqxonasi hududida “Olloqulixon karvon saroyi” savdo markazini tashkil etish loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, savdo nuqtalarining tartibsiz joylashtirilishi tarixiy obyektlarning vizual yaxlitligiga putur yetkazib, sayyohlarga noqulaylik tug‘dirmoqda. Yangi loyiha an’anaviy savdo muhitini saqlab qolish, hunarmandlar uchun sharoit yaratish, ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish, shuningdek, yangi sayyohlik nuqtasini shakllantirishga qaratilgan.

Kelgusida nomoddiy madaniy merosni saqlash sohasida yagona yondashuvni ta’minlash maqsadida “Hunarmand” respublika uyushmasi O‘zbekiston Madaniy meros agentligi bilan hamkorlik qiladi. Samarqanddagi Bibixonim majmuasini konservatsiya va restavratsiya qilish loyihasi muhokama qilindi. Loyiha Aga Khan Trust for Culture bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. U madaniy meros obyektlarida arxitekturaviy konservatsiya, ilmiy o‘rganish va restavratsiya ishlarini boshqarish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etishni nazarda tutadi. Loyiha doirasida yodgorlikni hujjatlashtirish va o‘rganish, arxeologik va muhandislik tekshiruvlarini o‘tkazish, materiallarni tahlil qilish, konstruksiyalarni modellashtirish hamda loyiha yechimlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Mahalliy mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Keyingi bosqichlarda bosh gumbaz va unga tutash inshootlarni konservatsiya qilish, hududni obodonlashtirish hamda muzey ekspozitsiyasini tashkil etish ishlari amalga oshiriladi.

Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish uchun davlat budjetidan 466,4 mlrd so‘m ajratilgan. 305 ta loyiha-smeta hujjati tayyorlangan, 55 ta obyektda ishlar yakunlangan, yana 152 ta obyektda ishlar davom etmoqda. Shuningdek, 8183 ta madaniy meros obyektining kadastr hujjatlari shakllantirilgan. Yodgorliklarni qisqa muddatli ijaraga berish orqali 4187 ta tadbirkorlik subyekti jalb qilinib, sohaviy jamg‘armaga 27,9 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. 2025-yilda esa 52 ta obyektga 152,9 mlrd so‘m miqdorida mahalliy va xorijiy investitsiyalar jalb qilingan.

Source: www.gazeta.uz