Yevropaning Copernicus iqlim o‘zgarishini kuzatish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning avgusti butun kuzatuvlar tarixidagi dunyo bo‘yicha rekord darajada eng issiq oy bo‘ldi. Bu haqda xizmatning rasmiy hisobotida qayd etilgan.
Ushbu oyda dunyo bo‘yicha o‘rtacha havo harorati +16,96 darajani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2023-yil iyul oyida o‘rnatilgan avvalgi rekorddan (+16,95) oshib ketdi, shuningdek, sanoatgacha bo‘lgan davr (1850−1900-yillar)dagi o‘rtacha haroratdan +1,65 daraja yuqori bo‘ldi. Bu esa iqlim o‘zgarishining jiddiyligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Copernicus`ga ko‘ra, dunyo okeani yuzasi harorati ham avgustda rekord darajaga — +21,11 darajaga yetgan. Avval bunday ko‘rsatkich faqat 2024-yilning martida qayd etilgandi. Copernicus tahlilchilari buni “qazilma yoqilg‘ini yoqish bilan bog‘liq global isish”, shuningdek, Tinch okeanida har bir necha yilda yuzaga kelib, harorat ko‘tarilishi va qurg‘oqchilikka sabab bo‘luvchi “ayniqsa, kuchli” El-Nino fenomeni bilan izohlamoqda.
“2026-yil avgusti global iqlim kuzatuvlari tarixida alohida ahamiyatga ega oy bo‘ldi. U ham eng issiq avgust, ham kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oy sifatida qayd etildi… Qutbdan tashqari okeanlar yuzasining rekord harorati va G‘arbiy Yevropadagi eng issiq yoz bilan birgalikda ushbu kuzatuvlar iqlim o‘zgarishi ham atmosferada, ham okeanda qanday ekstremal hodisalarni keltirib chiqarayotganini ko‘rsatmoqda”, — deya ta’kidladi Copernicus`ning iqlim bo‘yicha strategik rahbari Samanta Berjess.
Bir necha kun avval BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) avgust oyida jahon oziq-ovqat narxlari 2022-yildan beri eng yuqori cho‘qqiga chiqqanini ma’lum qilgandi. Bu ham ko‘plab hududlardagi ekstremal issiqlik va qurg‘oqchilik bilan bog‘liqdir. Bundan oldin Copernicus iqlim xizmati 2026-yilning iyun oyi G‘arbiy Yevropada kuzatuvlar tarixidagi eng issiq iyun bo‘lganini xabar qilgandi.
Source: www.gazeta.uz