O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 10-sentabr kuni Shvetsiya va Belgiyaning mamlakatdagi yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda TIV rahbari o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Shvetsiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib Martin Rozen tayinlandi. U 2022−2026-yillarda bu lavozimda ishlagan Tomas Danestad o‘rniga keldi. Vazir Saidovning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston — Shvetsiya munosabatlari sezilarli darajada faollashmoqda. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish muhimligi qayd etildi. “Elchi janoblariga yangi vazifasida muvaffaqiyatlar tilab, o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun birgalikda ishlashga tayyor ekanimizni bildirdik”, — dedi vazir.
Belgiyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Matias Kende ham ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. U avvalroq Belgiyaning Toshkentdagi elchisi sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan Erik de Mayer o‘rniga tayinlandi. “Suhbat davomida Toshkentda Belgiya elchixonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani ikki davlat munosabatlaridagi muhim voqea ekani qayd etildi”, — deb yozdi Baxtiyor Saidov.
Uchrashuvda davlatlar o‘rtasidagi siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, O‘zbekiston — Belgiya aloqalarini ikki tomonlama munosabatlar hamda Yevropa Ittifoqi doirasida yanada rivojlantirishga tayyorlik bildirildi. “Janob elchiga O‘zbekistondagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz”, — dedi TIV rahbari.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 8-aprelda, O‘zbekiston va Belgiya o‘rtasida esa 1992-yil 16-martda o‘rnatilgan.
Source: www.gazeta.uz