Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent markazida barpo etilayotgan O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilish jarayoni bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi. Ushbu yirik madaniy loyiha davlat rahbarining 2025-yil 1-iyuldagi tegishli qaroriga asosan amalga oshirilmoqda. Ma’lumot uchun, Prezident o‘tgan yil avgust oyida mazkur inshoot qurilishiga tamal toshi qo‘ygan edi.

Mamlakat yetakchisi muzey hududida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari, obyektlar poydevori va muhandislik infratuzilmasini barpo etish jarayoni bilan tanishdi. Shuningdek, unga loyihaning arxitektura yechimi va ekspozitsiya konsepsiyasi haqida ma’lumot berildi. Qayd etilishicha, muzeyning me’moriy qiyofasi va mazmun-mohiyati dunyodagi ilg‘or tajribalar asosida shakllantirilgan. Loyiha mashhur yaponiyalik me’mor Tadao Ando tomonidan yaratilgan bo‘lsa, ekspozitsiya konsepsiyasi Germaniyaning “Atelier Brückner” tashkiloti tomonidan tayyorlangan.

Majmuaning umumiy maydoni 3,9 gektarni, bino maydoni esa 40 ming kvadrat metrdan ortiqni tashkil etadi. Inshoot 3 qavatli asosiy bino hamda 2 qavatli yer osti qismidan iborat bo‘ladi. Muzey maydonining 60 foizi ta’lim va ilmiy faoliyatga ajratiladi. Bu yerda ko‘rgazma zallari, boy kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va konferensiya zallari joylashadi. Oilalar va yoshlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun restoranlar hamda bolalar maydonchalari ham tashkil etiladi.

Ushbu madaniy maskan bir vaqtning o‘zida 3 ming 500 nafargacha tashrif buyuruvchini qabul qila oladi. Bu yerda 10 mingga yaqin tarixiy va san’at eksponatlari namoyish etiladi. Bino qurib bitkazilgach, atrofidagi Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va Milliy bog‘ bilan birgalikda yaxlit me’moriy ansamblni hosil qiladi. Shuningdek, Fransiyaning Luvr, AQShning Metropoliten va Britaniya muzeylari kabi dunyoning nufuzli madaniy muassasalari bilan qo‘shma ko‘rgazmalar o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident mutasaddilarga qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda va yuqori sifat standartlari asosida bajarish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shuningdek, loyihaning jahon miqyosidagi ahamiyatini hisobga olib, barcha bosqichlarda xalqaro talablarga rioya etish zarurligi ta’kidlandi.

Source: www.gazeta.uz