Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga (NKMK) qarashli “Pistali” konida yuz bergan baxtsiz hodisa oqibatida ikki nafar xodim halok bo‘ldi. Bu haqda kombinat matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hodisa 10-sentabr kuni soat 15:00 atrofida “Qizilqum” kon boshqarmasi Avtomobil transporti boshqarmasining “Pistali” 1-transport sexiga tegishli avtomobil shinalarini saqlash maydonida ro‘y bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, quvur tashuvchi avtomashinaning tirkamasida shinomontaj paytida korxonaning ikki nafar ishchisi halok bo‘lgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan huquqni mofofaza organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, nazorat qiluvchi davlat tashkilotlari tomonidan maxsus tekshirish tayinlanib, baxtsiz hodisaning sodir bo‘lish holatlari va kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.
Kombinat rahbariyati va mas’ul xizmatlari tomonidan bu kabi baxtsiz hodisalarning oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotgani ma’lum qilindi. Biroq bu ikkinchi fojia bo‘lib, joriy yilning iyul oyida ham ushbu kombinatning “Muruntov” konida BelAZ rusumli karer samosvali xizmat pikapini bosib ketgan va ikki kishi halok bo‘lgan edi.
NKMK O‘zbekistonning eng yirik kon-metallurgiya korxonasi bo‘lib, uning faoliyati xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini ta’minlashni talab qiladi. So‘nggi voqealar korxonada mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘yicha jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatadi. Tergov natijalari va mas’ul shaxslarning javobgarligi masalasi hozircha ochiq qolmoqda.
Source: www.gazeta.uz