Avval xabar berganimizdek, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi nazorati bo‘limining bosh mutaxassisi, Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi xodimi Mirzo Botirov Sirdaryo daryosida qonunbuzarlarni qo‘lga olish chog‘ida halok bo‘lgan edi.
Reyd davomida elektr udqich yordamida noqonuniy baliq ovlayotgan shaxslar aniqlangan. Qonunbuzarlar inspektorga qarshilik ko‘rsatgan, natijada u suvga yiqilib, cho‘kib vafot etgan.
UzNews.uz nashrining Bosh prokuraturaga tayanib xabar berishicha, mazkur fakt yuzasidan uch shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasi (Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish), 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 102-moddasi (Ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Fuqarolar gumondor sifatida hibsga olingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu voqea mamlakatda ekologik nazorat xizmati xodimlarining xavfsizligi va noqonuniy baliq ovlashga qarshi kurash samaradorligi yuzasidan jamoatchilikda jiddiy savollar tug‘dirmoqda. Mutaxassislar inspektorlarni himoya qilish choralarini kuchaytirish va bunday fojialarning oldini olish uchun qat’iy choralar ko‘rish zarurligini ta’kidlamoqda.
Source: uznews.uz