Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-sentabr kuni Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Kichqiriq mahallasiga tashrif buyurdi. Bu yerda “Obod mahalla” dasturi doirasida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari yakunlangan. Mahalliy budjetdan bu maqsadlar uchun 71,4 mlrd so‘m ajratilgan.

Mahalla 30 yildan ortiq vaqt avval tashkil etilgan bo‘lib, unda 23 ta ko‘p qavatli uy, 1416 ta xonadon mavjud. Bu uylarda 5400 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Asosiy obyektlardan biri Kichqiriq kanali bo‘ylab tashkil etilgan 2,4 km uzunlikdagi sayr hududi bo‘ldi. Prezident Administratsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda 12,4 km piyodalar yo‘laklari barpo etilgan, yashil hududlar kengaytirilgan, ayvon, 14 ta shiypon, favvoralar va suv charxpalagi qurilgan.

Mahallada qariyb 6500 tup manzarali va mevali daraxt ekilgan, uylarning fasadlari yangilangan, o‘rindiqlar va yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Shuningdek, 12 ta vorkaut maydonchasi, uchta futbol maydoni va kutubxonalar tashkil etilgan. Hozirda mahalla hududida 47 nafar tadbirkor faoliyat yuritmoqda. Yangi loyihalar doirasida 61 ta ish o‘rni yaratilgan. Tashrif davomida prezident aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan loyihalar bilan ham tanishdi.

Mahallada, shuningdek, mamlakatdagi dastlabki minorali avtoturargohlardan biri o‘rnatildi. Sakkiz qavatli inshoot lift tamoyili asosida ishlaydi: markaziy ko‘targich avtomobilni qabul qilib, uni avtomatik ravishda bo‘sh joyga joylashtiradi. Avtoturargoh 16 ta mashinaga mo‘ljallangan. Bundan tashqari, bu yerda jamoat va madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun amfiteatr barpo etilgan.

Prezident 1976-yilda ochilgan 441-sonli bolalar bog‘chasiga ham tashrif buyurdi. Muassasaning bo‘sh hududida 450 o‘rinli ikkita yangi bino qurildi. Natijada bog‘chaning umumiy sig‘imi 835 nafar bolaga yetdi. Bog‘chada bolalar immunitetini mustahkamlash va nafas yo‘llari kasalliklarining oldini olish maqsadida maxsus tuz xonasi tashkil etilgan. Shuningdek, ingliz tili, mental arifmetika, rasm chizish, musiqa, badiiy gimnastika, shaxmat va taekvondo bo‘yicha mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan.

Shavkat Mirziyoyevga o‘yinlar va raqamli vositalar orqali davlat tilini o‘rganishga mo‘ljallangan “O‘zbek tilini o‘ynab o‘rganamiz” interaktiv platformasi ham taqdim etildi. Bundan tashqari, prezident yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha to‘garak faoliyati bilan tanishdi. U bolalarga kichik yoshdanoq yo‘llarda xavfsiz harakatlanish qoidalarini o‘rgatish maqsadida bunday mashg‘ulotlarni boshqa bog‘chalarda ham yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Source: www.gazeta.uz