Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Avval xabar berganimizdek, prezident poytaxtning Olmazor tumanidagi «Qichqiriq» mahallasida olib borilgan obodonlashtirish natijalari bilan tanishdi. Bu mahallada 5,4 mingdan ortiq kishi istiqomat qiladi.

Loyiha doirasida zarur infratuzilma yetishmagan hududda qisqa muddat ichida 450 o‘rinli bolalar bog‘chasi, dam olish zonasi, amfiteatr, piyodalar xiyoboni va favvoralar barpo etildi. Shuningdek, turar-joy binolarining tashqi fasadi yangilandi, yuzlab skameykalar va yoritish uskunalari o‘rnatildi. Bu yerda 12 ta vorkaut maydonchasi, 3 ta futbol maydoni va kutubxona ham jihozlandi.

Ushbu tajribani kengaytirish rejalashtirilmoqda: shunga o‘xshash ishlar Olmazor tumanining yana 8 ta ko‘chasida, poytaxtning qolgan 11 ta tumanida esa kamida 3-4 tadan ko‘chada boshlanadi. Toshkentning 100 ta ko‘chasini kompleks yangilash uchun 1 trillion so‘m ajratilgan. Bundan tashqari, «Qichqiriq» misolida 400 ta mahallani obodonlashtirish bo‘yicha 10 trillion so‘mlik to‘rt yillik dastur ishlab chiqiladi.

Har bir tumanda qaysi mahallalarda va qaysi ko‘chalarda, qachon va qanday o‘zgarishlar amalga oshirilishini aniq belgilash zarurligi ta’kidlandi. Bu rejalar mahalliy Kengashlarda muhokama qilinishi va aholi uchun ochiq e’lon qilinishi kerak.

Bundan tashqari, asosiy yangiliklardan biri Qichqiriq kanali bo‘yida uzunligi 2,4 km bo‘lgan sayr zonasi tashkil etilishi bo‘ldi. 12,4 km piyodalar yo‘lkasi yotqizilib, qo‘shimcha yashil hudud yaratildi. Poytaxtdagi kanallar va yirik suv yo‘llari bo‘ylarini ochiq va xavfsiz sayr zonalariga aylantirish taklif etildi. Xususan, «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasidan Chilonzor tumanigacha bo‘lgan «Bo‘zsuv» kanali bo‘ylab 20 km uzunlikdagi uzluksiz piyodalar zonasini yaratish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Bu masala bo‘yicha bir oy ichida alohida loyiha ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Source: uznews.uz