O'zbekistonda pedagog xodimlar tomonidan voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo'ravonlik qilish uchun ma'muriy javobgarlik belgilandi. Bu haqda Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga (MJK) kiritilgan tegishli o'zgartishlar asosida ma'lum qilindi.
MJKga kiritilgan qo'shimchalarga ko'ra, ta'lim tashkilotida voyaga yetmaganlarni tarbiyalash va o'qitish vazifasi yuklatilgan shaxs tomonidan ularga nisbatan tarbiya va o'qitish jarayonida jismoniy zo'ravonlik qilish, shuningdek, ularni kamsitish yoki masxara qilishda ifodalangan haqorat qilish, agar bu harakatlar jinoyat yoki boshqa belgilangan huquqbuzarlik alomatlarini o'z ichiga olmasa, huquqbuzarlik hisoblanadi.
Buning uchun 1 dan 5 gacha BRV (440 ming so'mdan 2,2 million so'mgacha) miqdorida jarima solinadi. Bu jazo choralari ta'lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo'ravonlikning oldini olishga qaratilgan.
Bundan tashqari, pedagogik faoliyatni amalga oshirishda voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zo'ravonlik qilganlik uchun ma'muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar bir yil davomida quyidagi ta'lim muassasalarida pedagogik faoliyat bilan shug'ullana olmaydilar: maktabgacha ta'lim tashkilotlari; umumiy o'rta va o'rta maxsus ta'lim tashkilotlari; kasb-hunar ta'limi tashkilotlari; bolalar uchun qo'shimcha ta'lim tashkilotlari.
Ushbu chora-ta'lim tizimida xavfsiz va sog'lom muhit yaratish, o'quvchilarni har qanday zo'ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan muhim qadamdir. Endilikda o'qituvchilar o'z vazifalarini bajarishda bolalarga nisbatan zo'ravonlik qilishdan ogoh bo'lishlari kerak.
Source: uznews.uz