Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentda 8-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan Ta’lim forumidan so‘ng Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova jurnalistlarning savollariga javob berib, PISA 2025 tadqiqotining dastlabki natijalarini sharhladi. Vazirning ta’kidlashicha, natijalar O‘zbekiston o‘quvchilarining bilim darajasi yaxshilanayotganini ko‘rsatsa-da, ta’lim tizimida hali yechimini kutayotgan bir qator masalalar mavjud.

E’zozxon Karimovaning so‘zlariga ko‘ra, PISA tadqiqotida o‘quvchilarning tabiiy fanlar bo‘yicha bilimi, maktablarda ularning ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlar va boshqa qator jihatlar o‘rganilgan. Natijalar O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari orasida yuqori o‘rinni egallaganini ko‘rsatgan. Vazir natijalardan kelib chiqib, keyingi bosqichda e’tibor qaratish kerak bo‘lgan yo‘nalishlarni ham sanab o‘tdi. Uning qayd etishicha, endi o‘quvchilar olgan bilimlarini ilmiy yo‘nalishda qo‘llay olishiga ko‘proq e’tibor qaratiladi. U buni ta’lim tizimi oldida turgan asosiy vazifalardan biri sifatida baholadi. “Bolalarimiz bilimni olyapti, lekin uni ilmiy yo‘nalishda qo‘llashda hali kamchiligimiz bor ekan”, — deydi Karimova.

Uning aytishicha, ta’lim tizimidagi yana bir muhim vazifa — maktab va ota-onalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish. PISA tadqiqotida o‘qituvchilarning bilim berishi bilan birga, oilaning farzand ta’limiga ko‘rsatayotgan ko‘magi ham tahlil qilingan. “O‘qituvchilarimizning bolalarga sidqidildan bilim o‘rgatishga harakat qilayotganini o‘quvchilarning o‘zlari ham tasdiqlashgan. Biroq, ota-onalarning farzandi ta’limidagi ishtiroki masalasiga ham jiddiyroq e’tibor qaratishimiz lozim”, — deydi vazir. “Bizda shunday tendensiya shakllangan: ota-ona „farzandimning bilim olishi uchun hamma sharoitni qilib qo‘ydim, bo‘ldi“, deb o‘ylaydi. Qolgan barcha narsani — bilim olishni, hatto tarbiyani ham ta’lim tashkilotlaridan kutayotgan holatlar ko‘p kuzatilyapti”, — deya qo‘shimcha qildi Karimova.

Vazirning ta’kidlashicha, ota-ona farzandining maktabda nimani o‘rganayotgani bilan uyda ham qiziqishi kerak. “Farzand maktabdan kelganda: „Qani, bugun nimani o‘rganding, nimani tushunding?“, deb so‘rashning o‘zi bolada mas’uliyat hissini oshiradi. Ustoz bu yoqdan so‘raydi, ota-ona u yoqdan so‘raydi”, — deydi u. Karimova ta’limga kiritilgan investitsiyalar ham PISA natijalarida o‘z samarasini ko‘rsata boshlaganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022-yilda ta’lim sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalar natijasi hozir ko‘rina boshlagan. “Men xursand bo‘lgan jihat — ta’limga kiritilgan investitsiya asta-sekin natijasini ko‘rsata boshladi. Bu hurmatli prezidentimiz tomonidan bolalarimizning yetarli bilim olishiga qaratilgan e’tibor va yaratilgan imkoniyatlar natijasi, deb o‘ylayman”, — deydi vazir.

PISA 2025 tadqiqoti doirasida o‘quvchilarning raqamli dunyoda ma’lumot va bilim olish darajasi, shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq ko‘nikmalari ham o‘rganilgan. E’zozxon Karimovaning aytishicha, endi o‘quvchilarga sun’iy intellektdan foydali maqsadlarda va to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish ta’lim tizimi oldida turgan muhim vazifalardan biri bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘nalishda amaliy ishlar ham boshlangan. Xitoy Sharqiy pedagogika universiteti tomonidan sun’iy intellekt bo‘yicha tayyorlangan qo‘llanmalar O‘zbekistonga olib kelinib, mahalliylashtirilgan va o‘zbek tiliga tarjima qilingan. “Hozir ular chop etilyapti va sentabr oxiriga qadar barcha maktablarimizga yetkaziladi”, — deydi u. Vazirning ta’kidlashicha, mazkur qo‘llanmalardan foydalanish natijasi keyingi PISA tadqiqotlarida namoyon bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Karimova O‘zbekiston xalqaro ta’lim tadqiqotlarida ishtirokini davom ettirayotgani, mamlakatning PISA 2029 tadqiqotida ishtirok etishi bo‘yicha ham kelishuvga erishilganini qayd etdi. “Ta’lim hech qachon to‘xtamaydi”, — deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri. Eslatib o‘tamiz, PISA 2025’da O‘zbekiston o‘quvchilari 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida tabiiy fanlar bo‘yicha 438 ball bilan 48-o‘rinni, “Raqamli dunyoda o‘rganish” yo‘nalishida esa 402,4 ball bilan 72-o‘rinni egallagan edi. Matematika va o‘qish natijalari esa ma’lumotlardagi nomutanosibliklar sabab hozircha e’lon qilinmadi.

Source: www.gazeta.uz