Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchisi Timoti Smart Toshkentdagi missiyasini yakunlamoqda. U 2023-yildan 2026-yilgacha qirol zoti oliylarining elchisi sifatida faoliyat yuritdi. Ketish oldidan, ushbu lavozimdagi so'nggi intervyusida u Gazeta'ga savdo, investitsiyalar, ta'lim va xavfsizlik sohalarida qanday o'zgarishlar yuz bergani, O'zbekistonning mustaqilligi va hududiy yaxlitligi Buyuk Britaniya uchun nima sababdan muhimligi hamda Markaziy Osiyo mintaqasi bilan hamkorlikning istiqbollari haqida so'zlab berdi.
Elchi o'z faoliyati davomida asosiy e'tiborni O'zbekiston va Buyuk Britaniya o'rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qaratganini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, savdo va investitsiyalar, xavfsizlik sohasi va odamlar o'rtasidagi aloqalarni yuksaltirishga erishish uchun salmoqli qadamlar qo'yildi. Smart bu borada avvalgi elchilar — Tim Torlou, Kris Allan va ulardan oldin faoliyat yuritgan boshqa diplomatlar qo'yib ulgurgan poydevorga tayanganini qayd etdi. Uning qayd etishicha, munosabatlardagi haqiqiy imkoniyatlar va tub o'zgarishlar 2016-yildan keyin yuz bergan.
Elchi 2023-yilda lavozimga kelganida COVID-19 pandemiyasidan endigina qutulganliklarini, Qobuldagi hukumat qulashi va Rossiyaning Ukrainaga bosqini kabi geosiyosiy voqealar sodir bo'lganini esladi. Toshkentga kelishidan bir oy oldin Buyuk Britaniyaning o'sha vaqtdagi tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli bilan O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning Buyuk Britaniyada bo'lib o'tgan uchrashuvida ishtirok etganini aytib, ularning ilk bor yuzma-yuz kelganini va bir-birlarini mahkam quchoqlab ko'rishganini iliq xotira sifatida tilga oldi.
Savdo va investitsiyalar borasida elchi aniq raqamlarni keltirdi: u O'zbekistonga kelganida o'zaro savdo aylanmasi 275 million funtni tashkil etgan bo'lsa, 2026-yil iyul oyi yakuniga ko'ra bu ko'rsatkich 1,3 milliard funtga, 2025-yil davomidagi hajm esa 2,1 milliard funtga yetdi. Buning asosiy qismi Buyuk Britaniya tomonidan oltin xaridi hissasiga to'g'ri keladi. Shunga qaramay, tovar aylanmasi hajmi bir necha barobar o'sgan. Smart O'zbekistonning dengizga chiqish imkoni bo'lmagan mamlakat sifatida savdoni kengaytirish va investitsiyalarni jalb etishga ayniqsa muhtojligini, mamlakat zamonaviy, isloh qilingan bozor iqtisodiyotiga o'tayotganini ta'kidladi.
Elchi London fond birjasi, qarz va aksiyadorlik kapitali, xususiy moliyalashtirish, islomiy moliyalashtirish kabi sohalarda Britaniya yordam bera olishini, jumladan, shu yilning may oyida O'zbekiston Milliy investitsiya jamg'armasi (UzNIF) aktivlarining joylashtirilishida ko'maklashganliklarini ma'lum qildi. Hukumat yaqin bir necha yil ichida boshqa davlat aktivlarini ham joylashtirishni rejalashtirmoqda.
Elchi O'zbekistonda xalqaro tijorat sudining tashkil etilishini olqishladi. Uning so'zlariga ko'ra, bu to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi va investorlar o'zlarini yangi bozorda ancha ishonchli his qiladi. Shuningdek, u gender zo'ravonligiga oid qonunchilikdagi yutuqlarni tan oldi, biroq jamiyatda ulkan madaniy o'zgarish ham yuz berishi kerakligini ta'kidladi. Ayollarning iqtisodiy o'sishdagi faol ishtirokisiz barqaror rivojlanishga erishib bo'lmasligini aytdi.
Smart O'zbekistonning islom an'analarini ochiqlik, zamonaviylik va ko'p qatlamli tarixiy merosiga hurmat bilan uyg'unlashtirganini hayrat bilan qayd etdi. Toshkentdagi yangi Islom sivilizatsiyasi markazini bunga yaqqol misol sifatida keltirdi. Uning fikricha, O'zbekiston ochiq, inklyuziv va zamonaviy islom jamiyati namunasi sifatida butun mintaqa uchun haqiqiy yo'lchi yulduzga aylanishi mumkin.
Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka to'xtalar ekan, elchi Bosh prokuratura bilan malaka oshirish borasidagi hamkorlikni, xavfsizlik xizmatlarining yaqinroq ishlayotganini, Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligi bilan hamkorlik yo'lga qo'yilganini ta'kidladi. Ilgari faqat ingliz tilidan dars berishga ruxsat berilgan bo'lsa, endi dronlar, tog'dagi jang taktikasi kabi masalalarni birgalikda muhokama qilish imkoniyati paydo bo'lganini aytdi. O'zbekiston Buyuk Britaniyadagi Cambrian Patrol mashg'ulotlarida ajoyib natijalar qayd etmoqda.
Elchi O'zbekistonning mustaqilligi va hududiy yaxlitligi Buyuk Britaniya uchun muhimligini alohida ta'kidladi: "Agar biror yirik davlat bu mintaqaning hududiy yaxlitligini hurmat qilmaslikka qaror qilsa, bu masala sizga qanchalik taalluqli bo'lsa, bizga ham shunchalik taalluqli." U Buyuk Britaniya BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zosi sifatidagi maqomi orqali ham, iqtisodiy o'sish va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik orqali ham O'zbekistonning mustaqilligini qo'llab-quvvatlashini bildirdi.
Elchi kelgusi hamkorlik istiqbollari haqida gapirar ekan, yetakchilar darajasidagi o'zaro hamkorlikka erishishni o'zi shaxsan katta ishtiyoq bilan qo'llab-quvvatlashini, bunga to'sqinlik qilgan yagona narsa Buyuk Britaniyada bosh vazirlar va tashqi ishlar vazirlarining tez-tez almashinuvi bo'lganini aytdi. So'nggi besh yil ichida Buyuk Britaniyada besh nafar bosh vazir almashgan.
Source: www.gazeta.uz