Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida Damas rusumli avtomobil haydovchisining ko‘p qavatli uylar hovlisida, xususan, kichik yoshli bolalar bo‘lgan hududda xavfli tarzda harakatlangani aks etgan video tarqaldi. Qashqadaryo viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXB) tomonidan haydovchi aniqlanganini ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2005-yilda tug‘ilgan shaxs Qarshi shahrining Cho‘lquvar mahallasida joylashgan ko‘p qavatli binolar oralab yuqori tezlikda harakatlangan va shu yerdagi profilaktika inspektori hamda fuqarolarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan. Haydovchi o‘sha vaqtda stressda bo‘lganini aytib, kechirim so‘radi.

“O‘tirish chiqib qolgandi, akamdan beruxsat Damas’ni olib chiqib ketdim. Mahallada qo‘pol ravishda tez haydadim, yosh bolalar chiqqan ekan, ko‘rmay qoldim. Yonimda yosh bolalar borligini aniq bilmagandim. Endi xalqimdan, o‘sha bolalarning ota-onasidan ming bir uzr so‘rayman, pushaymonman qilgan ishimdan. O‘sha vaqtda stress holatda edim. „Prava“ olmasdan boshqa haydamayman”, — deydi haydovchi.

Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir nechta moddalari bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi. Avtomashina vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirildi.

Avvalroq Samarqandda Malibu haydovchisi piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 8 nafar fuqaroga yo‘l bermay, ularni urib ketishiga bir baxya qolgani aks etgan video tarqalgandi. Unga nisbatan yo‘l bezoriligi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahri sudiga yuborilgandi.

Source: www.gazeta.uz