Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Migratsiya agentligi Germaniyaning “RRG AG” tashkiloti bilan hamkorlikda qurilish sohasi mutaxassislarini Germaniyada ishlashga taklif qilmoqda. Bu haqda agentlikning “Xorijda ish” Telegram kanalida xabar berildi. Dastur doirasida 200 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lib, oylik maosh 2500 yevroni tashkil etadi.

Vakansiyalar g‘isht teruvchi, qurilish durodgori, qurilish chilangari, sanoat mexanigi, qurilish krani operatori, qurilish payvandchisi va qurilish beton quyuvchisi kabi mutaxassisliklar bo‘yicha taklif etiladi. Nomzodlar 18 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lishi, oliy yoki kasb-hunar ta’limi diplomiga ega bo‘lishi, tegishli yo‘nalish bo‘yicha kamida ikki yillik texnikum yoki kollej diplomi hamda so‘nggi besh yil ichida shu sohada kamida ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi talab qilinadi.

Ish haftasiga besh kun, 40 soatdan iborat bo‘ladi. Mehnat shartnomasi muddatsiz tuziladi va olti oylik sinov muddatini o‘z ichiga oladi. Nomzodlar uchun Germaniyadagi turar joy xarajatlari oyiga 300 yevroni tashkil etadi. Oziq-ovqat xarajatlari ham xodim hisobidan qoplanadi.

Dasturning asosiy imtiyozlaridan biri — nomzodlar Toshkentdagi “Berlitz” o‘quv markazida 8 oy davomida nemis tilini A1 darajadan B1 darajagacha bepul o‘rganishi mumkin. Kurs xarajatlari Migratsiya agentligi va ish beruvchi tomonidan qoplanadi. Shuningdek, til sertifikati imtihoni, viza va aviachipta xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplanadi. Mehnat sharoitlari — ish haqi, ustamalar, sug‘urta, ta’til va boshqa imtiyozlar — Germaniyadagi xodimlar bilan teng darajada belgilanadi. Germaniyaga joylashganidan so‘ng xodimlar oila a’zolarini doimiy yashash uchun olib kelish va farzandlari uchun nafaqa olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Arizalar 30-sentabrga qadar qabul qilinadi. Ish beruvchilar bilan onlayn suhbatlar oktabr oyidan boshlab har hafta o‘tkaziladi. Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar guruhlar shakllanishiga qarab o‘qishga jalb etiladi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun kerakli yo‘nalishni tanlang. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun 1282 qisqa raqami orqali Migratsiya agentligiga murojaat qilish mumkin.

Source: www.gazeta.uz