Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ O‘zbekiston 2026–2027-yillarda Xitoy kompaniyalari ishtirokida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqaradigan oltita yirik loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevga 10-sentabr kuni taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu loyihalarning umumiy qiymati 933 million dollarni tashkil etadi. 1-sentabr holatiga ko‘ra, loyihalar doirasida 286,8 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan, mahalliy mahsulot va xizmatlar xaridi 76,6 million dollarga yetgan, qurilish ishlariga 2 ming nafar mahalliy ishchi jalb qilingan.

️ Loyihalar Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida amalga oshiriladi. Qashqadaryo va Samarqanddagi zavodlar 2026-yilda, qolgan hududlardagi quvvatlar 2027-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Korxonalar to‘liq ishga tushgach, yiliga 3,6 million tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanadi hamda 1,6 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu “nol chiqindi” tamoyiliga bosqichma-bosqich o‘tish, poligonlarga yuklamani kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash imkonini beradi.

️ Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida prezident o‘tgan yili oltita zavod qurilishiga rozilik berganini ta’kidladi. “Shundan ikkita zavod bu yil yakuniga qadar ishga tushiriladi va aholimizga kerakli bo‘lgan elektr energiyani ishlab chiqarishni boshlaydi. Bugungi taqdimot yana shunga o‘xshagan beshta zavodni beshta hududimizda qurish, iqtisodiyotga yangi investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha bo‘lib o‘tdi. 625 million dollarlik beshta zavod 2027-yilning oxirida ishga tushadi va shu bilan birgalikda 635 million kilovatt/soat elektr energiya ishlab chiqarishga erishamiz”, — dedi u.

️ Beshta investitsiya loyihasi Singapur, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari tomonidan taqdim etilgan. Ularning umumiy qiymati 625 million dollarni tashkil etadi. Loyihalarni Qoraqalpog‘istonda hamda Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ushbu loyihalar natijasida yiliga 1,9 million tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 635 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 158 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinib, issiqxona gazlari hajmi 316 ming tonnaga kamaytiriladi.

️ Sharifbek Hasanov chiqindi yoqish zavodlari ekologik xavfsiz bo‘lishini ta’kidladi: “Chiqindi yoqish zavodlari yana odamlarga yoqish orqali zarar keltiradi, deb o‘ylash mumkin, lekin bu ekologik toza zavodlar bo‘lib ishga tushadi. Ekosanoat zonalarimizda zavodlar bitgandan keyin biz aholimizni ham taklif qilamiz”. Uning so‘zlariga ko‘ra, zavodda chiqindilar yoqilganidan keyin hosil bo‘lgan kulni investorlar qayta ishlab, qo‘shilgan qiymat yaratadi va O‘zbekistondan o‘z davlatlariga eksport qilishni rejalashtirmoqda. Bu qo‘shimcha eksport bazasini yaratadi.

️ Ushbu chora-tadbirlar poligonlar sonini 50 foizga qisqartirish vazifasiga ham javob beradi. “Ekosanoat zonalarimizda barcha hududlarimizning chiqindilarini qabul qilish bo‘yicha, yoqish bo‘yicha qamrab olyapmiz. 40% chiqindilar poligoniga borishi kamayadi, qolgan chiqindilarni biz qayta ishlashga berib, qayta ishlashni ham rivojlantirgan holda, bundan keyin chiqindilarimiz poligonga borishining oldini olamiz”, — dedi u. Kelajakda poligonlar o‘rnida bog‘ va parklar barpo etish rejalashtirilgan.

️ 2024-yil oktabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev maishiy chiqindilarni qayta ishlash va ulardan elektr energiyasi hamda mahsulot ishlab chiqarish loyihalari haqida gapirar ekan, bu sohani “shunchaki zavodlar emas, balki taqdiriy ahamiyatga ega masalalardan biri” deb atagan. 2025-yil mart oyida u qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida qaror imzolagan. Shunday loyihalardan biri Samarqandda Xitoyning Shanghai SUS Environment kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. SUS Environment Samarkand zavodi “Xushrav” massividagi “Navro‘z” mahallasida joylashgan markaziy poligon hududida qurilmoqda: loyiha uchun poligonning 100 gektar maydonidan 15 gektari ajratilgan. Korxona poydevoriga tamal toshi 2025-yil 18-iyul kuni qo‘yilgan, hozirda qurilish ishlari davom etmoqda.

️ Chiqindilarni yoqish zavodlari sanoat va qattiq maishiy chiqindilarni qozonlar yoki pechlarda termik qayta ishlash texnologiyasi asosida ishlaydi. Yonish jarayonida hosil bo‘lgan issiqlikdan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarishda foydalaniladi.

Source: www.gazeta.uz