Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida joylashgan Odirmon shahar arxeologik yodgorligida olib borilayotgan tadqiqotlar davomida diniy marosimlar bilan bog‘liq mehrob va noyob ostodon aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Yodgorlikda arxeologik qazishma ishlari joriy yilda ilk bor Samarqand arxeologiya instituti xodimi Sanjar Abdurahimov tomonidan olib borilmoqda. Tadqiqotlar yodgorlikning mudofaa inshootlari va ark qismida amalga oshirilmoqda.
Qazishmalar davomida yodgorlikning shimoli-sharqiy qismidan diniy marosimlar bilan bog‘liq mehrob aniqlandi. Unda yong‘in izlari yaxshi saqlangan. Mehrobning balandligi 70 santimetr, eni 90 santimetrni tashkil etadi.
Mehrobning pol qismiga 18×28×2,5 santimetr o‘lchamdagi pishgan kafelsimon g‘ishtlar terilgan. Inshoot atrofi 2,5−3 santimetr qalinlikdagi loy suvoq bilan qoplangan. Suvoq qatlamlarining bir necha bor yangilangani mehrobdan uzoq vaqt davomida foydalanilgani va muntazam ta’mirlanganini ko‘rsatadi.
Tadqiqotlar davomida diniy-ma'naviy hayot va dafn marosimlari bilan bog‘liq muhim topilma — ostodon ham aniqlangan. Uning tashqi yuzasida turli bezak va tasvirlar, jumladan, kiyik hamda archa daraxtiga o‘xshash naqshlar mavjud. Tasvirlarning to‘liq mazmuni restavratsiya ishlari yakunlangach, yanada aniqroq o‘rganilishi kutilmoqda.
Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, Odirmon shahar yodgorligi miloddan avvalgi III asr va milodiy III asrlar oralig‘iga oid.
Qayd etilishicha, aniqlangan mehrob va ostodon yodgorlikda yashagan qadimgi aholining diniy qarashlari, marosimlari hamda dafn an’analarini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Avvalroq Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Qo‘rg‘ontepa yodgorligida ilk o‘rta asrlarga oid ibodatxona qoldiqlaridan gips haykalning bosh qismi topilgan edi.
Source: www.gazeta.uz