Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi xalqaro aeroportdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdan boshlandi. Uch yil avvalgi tashrif chog‘ida davlat rahbari aeroportni modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. O‘tgan yilgi tashrifida esa u rekonstruksiya jarayoni bilan shaxsan tanishgan.
Aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilish loyihasining umumiy qiymati 1,1 trillion so‘mni tashkil etadi. Birinchi bosqichda aeroport infratuzilmasi to‘liq yangilandi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi 3,3 kilometrgacha uzaytirildi, shuningdek, 4E toifasiga mos keladigan 60 metr kenglikdagi yangi yo‘lak qurildi. Bundan tashqari, 10 ta havo kemasiga mo‘ljallangan taksi yo‘llari va to‘xtash joylari jihozlandi.
Qurilish sifati va obyektning uzoq muddatli xizmat qilishiga alohida e’tibor qaratildi. Uchish-qo‘nish yo‘lagiga 50 yilgacha xizmat qilishga mo‘ljallangan mustahkam sement-beton qoplamasi yotqizildi. Nemis ishlab chiqarishidagi yuqori aniqlikdagi yorug‘lik signalizatsiya tizimi o‘rnatildi. Bu aeroportga tunda va qalin tumanda ham havo kemalarini xavfsiz qabul qilish imkonini beradi. Ko‘rinish 300 metrgacha pasayganda ham samolyotlarni qo‘ndirish mumkin. Endi aeroport yirik keng fyuzelyajli havo kemalarini hech qanday cheklovlarsiz qabul qilishga qodir.
Hozirda rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichi davom etmoqda. Uning doirasida umumiy maydoni 19 685 kv.m bo‘lgan zamonaviy ikki qavatli terminal binosi qurilmoqda. Ilgari aeroport soatiga 200 tagacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, yangi terminal ishga tushirilgach, bu ko‘rsatkich besh baravar oshadi. Aeroport hududida yuqori tezlikdagi Wi-Fi tarmog‘i va intellektual servislar yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident mas’ul shaxslarga zamonaviy terminal binosi qurilishini o‘z vaqtida va sifatli yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Hozirda Andijon xalqaro aeroporti orqali yettita aviakompaniya ichki va xalqaro yo‘nalishlarda muntazam reyslarni amalga oshirmoqda. Kelgusida aviareyslar sonini yiliga 808 tadan 2 500 taga, aeroportning o‘tkazish qobiliyatini esa yiliga 3,5 million yo‘lovchiga yetkazish rejalashtirilgan.
Ta’kidlanganidek, amalga oshirilayotgan ishlar andijonliklar va viloyat mehmonlari uchun transport qulayligini oshirishga, shuningdek, mintaqaning iqtisodiy va turistik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. Aeroport yaqinida zamonaviy servis obyektlarini rivojlantirish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Source: uznews.uz