O‘zbekistonda 2026-yil 1-oktabrdan boshlab ATP, WTA va ITF shafeligidagi xalqaro tennis musobaqalarini muntazam o‘tkazib borish qayta yo‘lga qo‘yiladi. Bu 21-sentabrdagi prezident qarorida ko‘zda tutilgan. Qaror bilan tennisni ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va professional sportga tayyorlash tizimini takomillashtirish, zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish hamda nufuzli musobaqalarda natijadorlikni oshirish bo‘yicha yangi maqsadlar belgilandi.
2026-yil 1-oktabrdan boshlab Professional tennischilar assotsiatsiyasi (ATP), Ayollar tennis assotsiatsiyasi (WTA) hamda Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) shafeligidagi xalqaro tennis musobaqalariga mezbonlik qilish qayta yo‘lga qo‘yiladi. Musobaqalarni tashkil etish va g‘olib hamda sovrindorlarni taqdirlash xarajatlari homiylik xayriyalari hisobidan moliyalashtiriladi. Shuningdek, yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi, yoshlar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida Respublika chempionati, kattalar o‘rtasida Uzbekistan Open xalqaro turniri hamda erkaklar o‘rtasida ATP Challenger xalqaro musobaqasini muntazam tashkil etish belgilandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston avval ham nufuzli xalqaro tennis musobaqalariga mezbonlik qilgan. Toshkentda ATP turniri 1997−2002-yillarda o‘tkazilgan. “President's Cup” nomi bilan o‘tgan musobaqaning so‘nggi bahslari 2002-yilda tashkil etilgan bo‘lib, shundan keyin Toshkentda ATP Tour darajasidagi turnir o‘tkazilmagan. Ayollar o‘rtasidagi WTA Tashkent Open esa 1999-yildan boshlab muntazam o‘tkazib kelingan. WTA ma’lumotlariga ko‘ra, turnir 2019-yilgacha davom etgan va uning so‘nggi mavsumida musobaqa 23−28-sentabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan. 2020-yildan turnir o‘rniga WTA Lyon Open tashkil etilgan. Shu bilan birga, O‘zbekistonda ITF tasarrufidagi turnirlar turli yillarda o‘tkazib kelingan. Masalan, 2026-yil mart oyida Toshkentda W15 turniri o‘tkazilishi rejalashtirilgandi, biroq u bekor qilingan.
Qarorga ko‘ra, 2030-yilgacha O‘zbekistonda tennis bilan muntazam shug‘ullanuvchilar sonini 3 ming nafarga, trenerlar sonini esa 200 nafarga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, tennis bo‘yicha Osiyoning top-5 davlatlari qatoriga kirish va ushbu sport turini istiqbolli sport turlari qatoriga kiritish choralarini ko‘rish belgilandi. 2027-yil 1-yanvardan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida “Juniors Tennis Initiative” dasturini joriy etish rejalashtirilgan. Dastur doirasida 1−4-sinf o‘quvchilari uchun jismoniy tarbiya darslarida tennisga qiziqishni shakllantirishga qaratilgan boshlang‘ich mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yiladi. Tennisga qiziqish va mavjud infratuzilmaga qarab ayrim maktablar tanlab olinadi. Ularda tennis bo‘yicha sport seksiyalari tashkil etilib, sport inventarlari, jumladan, “tennis wall” moslamalari bilan jihozlanadi.
Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabini boshqarish funksiyasi O‘zbekiston tennis federatsiyasiga beriladi. Federatsiya maktab faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilaydi, rahbar kadrlarini tayinlaydi va uning moliyaviy hamda strategik rivojlanish dasturlarini tasdiqlaydi. Federatsiya ikki oy muddatda maktabga yuqori malakali xorijiy ekspert va trenerlarni jalb qilishi, professional sportchilar, murabbiylar va hakamlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy metodikalarni ishlab chiqishi kerak. 2027-yil 1-iyungacha esa homiylik mablag‘larini jalb qilgan holda maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ko‘zda tutilgan. 2027-yildan maktab bazasida ITF shafeligidagi xalqaro tennis musobaqalarini o‘tkazish choralari ko‘riladi.
2027-yil 1-yanvardan pulli xizmatlar ko‘rsatish uchun yetarli imkoniyatga ega tennis kortlari o‘zini o‘zi moliyalashtirish tartibiga o‘tkaziladi. Ular pulli xizmatlar uchun to‘lov miqdorini mustaqil belgilashi mumkin bo‘ladi. Daromadlar, avvalo, kommunal to‘lovlarni qoplashga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, bunday kortlarda mavjud tennis guruhlarida mashg‘ulot olib borayotgan trenerlarning ish haqi Davlat budjeti hisobidan to‘lanadi. Daromadi xarajatlarini qoplamaydigan va rekonstruksiyaga muhtoj tennis kortlari davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy investorlarga beriladi. Bunda mavjud tennis guruhlarining mashg‘ulotlarini bepul davom ettirish ta’minlanadi.
Qarorda, shuningdek, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari hamda ularni tayyorlagan trenerlar uchun bir martalik pul mukofotlari miqdori belgilandi. Oltin medal sohibiga 25 ming dollar, kumush medal sohibiga 12,5 ming dollar, bronza medal sohibiga 6250 dollar beriladi. Ularning trenerlariga mos ravishda 10 ming, 5 ming va 2,5 ming dollar miqdorida mukofot to‘lanadi.
Source: www.gazeta.uz