Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O'zbekiston Markaziy banki hozirda Samarqandda bo'lib o'tayotgan 46-Jahon shaxmat olimpiadasi sharafiga esdalik oltin va kumush tangalar chiqarishini ma'lum qildi. Ushbu tangalar dizaynida shaxmat ramzlari va shaharning me'moriy merosi uyg'unlashtiriladi.

Tangalarning asosiy xususiyati "Ikki tanga — bitta Registon" konsepsiyasidir. Agar oltin va kumush tangalar yonma-yon qo'yilsa, ular Registon maydoni fasadasining yagona tasvirini hosil qiladi. Bu g'oya shaxmat o'yinining strategik ahamiyati va Samarqandning boy tarixini birgalikda aks ettirishga qaratilgan.

Tangalarning old tomonida Samarqanddagi Tillakori madrasasining me'moriy elementlari, shaxmat donalarining siluetlari va geometrik naqshlar tasvirlanadi. Mualliflar fikricha, bu belgilar strategik fikrlash, intellektual yetakchilik va birlikni, shuningdek, Sharq me'moriy merosini ramziy ifodalaydi.

Tangalarning orqa tomonida markaziy o'rinni Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) logotipi egallaydi. Oltin tangada "O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki", kumush tangada esa "Central Bank of the Republic of Uzbekistan" yozuvi bo'ladi. Ikkala tangada ham nominal qiymati ko'rsatiladi.

Tangalar 999,9 probali oltin va kumushdan tayyorlanadi. Har birining vazni 31,1 gramm, nominal qiymati 100 ming so'mni tashkil etadi. Dastlabki tiraj 100 dona oltin va 500 dona kumush tangadan iborat bo'ladi, ammo kolleksionerlar qiziqishiga qarab u oshirilishi mumkin.

Source: podrobno.uz